Axborot texnologiyalari erasida yashayapmiz. AKT sohasidagi innovatsiyalar bugungi kunda deyarli har kuni biz kutgan va kutmagan yangiliklarni taqdim qilmoqda. Xo‘sh, hozirgi IT-innovatsiyalar ham bir kun kelib eskirganda, soha bizni yana nimasi bilan hayratlantiradi? “Atomvestnik.ru” nashri yaqin kelajak IT-texnologiyalari sohasida kutilayotgan yangiliklar haqida maqola e’lon qilgan. “Daryo” uning tarjimasini taqdim etadi.

Axborot texnologiyalari sohasi iqtisodiyotning shunday bir sektoriki, unda yangi texnologik yechimlari deyarli har oyda paydo bo‘lib boryapti. Shu bilan birga, ularning aksariyatini  inqilobiy deb aytish mumkin va buning sababi, ularni qo‘llagan holda bizning real borliq va axborot bilan muomalamizda tub burilishlar yasayotgani bilan bog‘liqdir. Keyingi sakrash qanday bo‘lishini avvaldan bilishning deyarli imkoni yo‘q. Ushbu maqolada investorlar, olimlar, hamda ekspertlar keyingi katta sakrashni qayerdan kutayotgani haqida ma’lumot berishga harakat qilingan.

Foto: Atomvestnik

5G va raqamli kommunikatsiyaning keyingi raqamlari

Hozirda innovatsion texnologiyalarning yangi avlodi sifatida 5G yuzaga chiqadi, degan fikr mavjud. Beshinchi avlod texnologiyasining uning o‘zidan avvalgisi, ya’ni, 4G dan farqlab turadigan rasmiy jihati bu ma’lumot uzatish tezligi bo‘lishi kerak. Agar 4G tarmoqda ma’lumot uzatish tezligi soniyasiga 1 gigabitga yetadigan bo‘lsa, 5G esa bu ko‘rsatkichni 20 gigabitga olib chiqishi mumkin. Bu, masalan, yuqori tiniqlikdagi filmlarni amalda bir lahzada yuklab olish imkonini beradi. Lekin, beshinchi avlod mobil aloqasining standartlari nafaqat vaqt birligi ichida kattaroq trafikni o‘tkazish, balki, signal tutilib qolish vaqtini ham qisqartirishi bilan ajralib turadi. Bu ko‘rsatkich 5G da 1 millisoniyaga tushadi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 4G da signalning ushlanib qolish vaqti 40-50 millisekunddir.

Bu borada namunaviy misol tariqasida uchuvchisiz yoki avtomatlashtirilgan transportni ko‘rsatish mumkin. Agar, qurilmaning mobil tarmoqqa javob qaytarish vaqti qisqartirilsa, unda, mashina kuzatishi bilan qurollantirilgan avtomobillarni avtomatik boshqarish jarayoni sezilarli osonlashadi. Oddiy avtomobil 120 km/soat tezlik bilan ketayotgan bo‘lsa va to‘satdan xavfli holat yuzaga kelsa, odam bunga reaksiya bildirishi uchun 700 millisoniya kerak bo‘ladi. Bu vaqt ichida esa, mashina 30 metr yo‘l bosib o‘tib ulguradi va bu haydovchi yoki piyodaning hayotiga xavf yuzaga keltiradi. 4G tarmoqda mashina kuzatuvi orqali boshqarilayotgan haydovchisiz avtomobil bu vaziyatda, qaror qabul qolgunicha mashina taxminan 2 metr yo‘l bosib o‘tadi. 5G tarmoqda esa bu masofa 10-15 sm bilan kifoyalanadi.

Bu kabi lahzalik reaksiya xususiyati ishlab chiqarishdagi va maishiy turmushda qo‘llaniladigan uskunalarning ham o‘zaro aloqasini juda keskin osonlashtiradi. Bu kabi lahzalik reaksiya darajasiga erishilgach, masofadan turib jarrohlik operatsiyalarini bajarish yoki qutqaruv ishlarini tashkillashtirish mumkin. Ko‘chada o‘rnatilgan datchiklar transport oqimi zichligini o‘lchab turadi va aqlli uy tizimini ham smartfondan turib boshqarish mumkin bo‘ladi. 5G texnologiyasi geymerlarni ham xursand qiladi. Onlayn o‘yinlarni yuqori tiniqlikda va minimal tutilish (kechikish) bilan o‘ynash imkoni yuzaga keladi. 5-avlod tarmog‘i paydo bo‘lgach, og‘ir kontentli resurslardan foydalanish uchun alohida, kuchli kompyuter xarid qilish taqozosi yo‘qoladi. Bu esa onlayn o‘yinlar sohasiga ko‘proq odam kirib kelishiga sabab bo‘ladi.

Hozirda jahonning 42 mamlakatida 80 ga yaqin 5G tijorat tarmoqlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Jahon bo‘ylab 5G tarmoq qoplamasiga ega hududlarda sayyoramiz aholisining 7 foizi istiqomat qilyapti. Prognozlarga ko‘ra, 2020-yakuni bo‘yicha 5G tarmoqqa ulanishlar soni 190 millionga yetgan va 2025-yil oxiriga borib bu ko‘rsatkich 2,8 milliardga yetib boradi.

Biroq, mobil tarmoqlarning rivojlanishi 5G joriy qilinishi bilan to‘xtab qolmaydi. Keyinchalik, tezlikni soniyasiga 100 gigabitga yetkazish taqozosi paydo bo‘ladi va buning uchun ham yana yangi chastotalar talab qilinadi. Ko‘plab texnologik kompaniyalar va ilmiy-tadqiqot institutlarida bu maqsad uchun avval foydalanilmagan bo‘sh chastota diapazonlariga mos ishlanmalarni yaratish ustida ish boshlangan.

Go‘sht qiymalagich ijtimoiy tarmoqqa kiradimi?

Buyumlar interneti (IoT) – odam vositachiligisiz ham, o‘zi mustaqil ravishda internetga kira oladi. Buyumlar interneti, bu nafaqat sizga nima xarid qilish kerakligini eslatib SMS yoza oladigan muzlatgich bo‘libgina qolmay, balki, u yoki bu axborotni voqea joyidan to‘g‘ridan to‘g‘ri jo‘nata oladigan datchiklar, masalan, GPS-trekerlari yoki aqlli uy detektorlari va hokazolar bo‘ladi. Fitnes trekerlar yoki yurak urishi datchigiga ega bo‘lgan quloqchinlar singari taqib yuriladigan qurilmalar ham IoT’ga kiradi. Lekin, odatda, bu termin bilan u yoki bu axborotni to‘play oladigan  alohida qurilmalar tushuniladi.  Bunday qurilmalar esa o‘zaro tarmoqqa birlashadi va u tarmoqni ham sun’iy ong boshqaradi. Bu esa aqlli uy, aqlli shahar tizimlarining ishini muvofiqlashtiradi, transport oqimini boshqaradi, korxonalar faoliyatini tashkillashtiradi, yuklarning tashilishini nazorat qiladi va hokazo.

Amerikaning IDC kompaniyasi prognozlariga ko‘ra, 2025-yilga borib jahon bo‘ylab 150 milliarddan ziyod qurilmalar bir-biri bilan tarmoqqa ulangan bo‘ladi va real vaqt rejimida o‘zaro axborot almashadi. Transforma Insights hisobotida keltirilishicha, 2019-yil oxirida buyumlar internetiga ulangan qurilmalar soni 7,6 faol uskunalardan iborat bo‘lgan edi.

IoT bozorining rivojlanishi mobil tarmoqlarning uzilishlarsiz, puxta ishlashiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli, 5G texnologiyasi birinchi navbatda buyumlar interneti uchun ham zarur. Chunki, internetga ulangan qurilmalar juda katta hajmda axborot ishlab chiqara boshlaydi va bu axborot hajmini qayta ishlash uchun yanada ilg‘or sun’iy intellekt va elektron hisoblash quvvatlari kerak bo‘ladi. Hozirda ham IoT sohasida juda ko‘plab ishlanmalar mavjud. Lekin, bu bozorni rivojlanishdan cheklab turibdi, chunki sohadagi firmalarning barchasi buning uchun o‘zining standartlari va texnologiyalaridan foydalanmoqda. O‘tgan yili Amazon, Google va Apple kompaniyalari aqlli uy tizimi uchun yagona standart yaratishga kelishib olishgan edi. Lekin sanoat uchun IoT qurilmalari ishlab chiqaradigan kompaniyalar hali bunday qilishgani yo‘q.

Sun’iy intellekt

Kompyuter yoki u boshqarayotgan robotning berilgan algoritmlardan tashqaridagi masalalarni ham hal qila oladigan darajaga yetishi haqida so‘z ochilganda, gap sun’iy intellekt mavzusiga buriladi. Masalan, qaysi tilda gapirayotganini aniqlash, rasmlarni tanish, mulohaza yuritish, xulosalash yoki yo‘l-yo‘lakay o‘qib-o‘rganish kabilarni kompyuter o‘zi bajarayotgan bo‘lsa shunday deyish urf bo‘lgan. Albatta, kompyuterlar odamlar singari tafakkur qilishga o‘rganishgani yo‘q, lekin muayyan qiyin masalalarni hal qilishga ular allaqachon qodir bo‘lishdi. Masalan, sun’iy intellekt orqali odam nutqini tanish mumkin, (yozma nutqni ham, og‘zakini ham). Biz yaxshi taniydigan «Alisa», «Siri» singari chat-botlar aynan shu usulda ishlaydi.

Hozirda sun’iy intellekt murakkab masalalarni hal qila olmayapti. Tovushli yordamchilarning darajasi esa, oddiy muammolar bilan, masalan, ertaga qanday ob-havo bo‘lishini aytib berish yoki buyurilgan qo‘shiqni topib, qo‘yish bilan cheklanmoqda. Koll-markazlarda esa robotlar birinchi chiziqda ishlashyapti: ular qo‘ng‘iroqlarni qabul qilib, kerakli mutaxassisga yo‘naltirishmoqda. Lekin, tez orada bu kabi virtual yordamchilar smartfon yoki aqlli karnay bilan chegaralanmaydigan bo‘ladi. Hozirda tovushli yordamchilar avtomobillarning qurilmalar panelida ham paydo bo‘la boshlagan. Shuningdek, biznes uchun va xodimlarning ishchanligini oshirish uchun maxsus ishlangan bunday ovozli yordamchilar tez orada ofis va idoralarda ham paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bular vositasida audio va video-konferensiyalar o‘tkazish yoki kun tartibini rejalashtirish hamda topshiriqlarning bajarilishini tekshirib borish mumkin bo‘ladi.

Sun’iy intellekt uchun «yoqilg‘i» bu – katta hajmdagi ma’lumotlar to‘plami - «big data» bo‘ladi. Bu odatda, strukturalanmagan ko‘rinishda bo‘ladigan, raqamli shakldagi juda katta hajmli ma’lumotlar yig‘indisi bo‘lib, sun’iy intellekt uning asosida «o‘qib, ta’lim oladi». Masalan, bizning Alisa va Siri bilan qilgan har bir suhbatimiz, ushbu tovushli yordamchilarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Sun’iy intellekt biznesning barcha tarmoq va sohalariga kirib boradi. Mutaxassislarning fikricha, IoT va sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishidan, bizning hayotimizda va ishimizda yanada katta o‘zgarishlar yuzaga keladi. Ayniqsa, bu bizning atrof-muhit bilan munosabatlarimiz borasida katta ta’sir qiladi. U yanada «intellektuallashib» boradi. Muhit sensorli va dasturlanadigan bo‘lib boradi va ma’lumotlarni yo‘l-yo‘lakay qayta ishlab, olingan natijalarga darhol reaksiya ko‘rsatadigan bo‘ladi.

Hammasini bilish va hech kimga aytmaslik

Butun dunyo bo‘yicha, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi masalasi tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Facebook, Google, Apple, Amazon va boshqa ko‘plab kompaniyalar, shuningdek, davlat organlari ham biz haqimizdagi katta ma’lumotlarni yig‘ib boryapti. Bu – o‘ta shaxsiy ma’lumotlar, kontaktlarimiz, to‘lovlarimiz va pullarimizga oid ma’lumotlar; odatlarimiz, qayerlarda yurishimiz, nimalarni yaxshi ko‘rishimiz singari ma’lumotlardir. Odamlarning shaxsiy ma’lumotlari yoki kompaniyalarning texnologik ma’lumotlari oshkora bo‘lib ketishi holatlari tez-tez sodir bo‘lyapti. 2019-yilning o‘zida to‘lov tizimlarida odamlarning shaxsiy ma’lumotlari, pul va mablag‘lariga oid 14,8 milliard dona maxsus axborot o‘g‘irlangan va bu 2018-yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.

Shu tariqa, barcha-barcha soha uchun axborot xavfsizligi birinchi raqamli vazifaga aylanib bormoqda. Grand View Research firmasi prognozlariga ko‘ra, 2025-yilga borib, kiberxavfsizlik bozori 9,88 milliard dollarga yetadi va o‘sish yiliga  30 foiz atrofida bo‘ladi. Hozircha, axborot xavfsizligi tizimlarini joriy qilishda faqat ma’lumotlarning oshkor bo‘lib ketishidan katta zarar ko‘radigan sohalar, masalan, kreditlash tashkilotlari jonbozlik ko‘rsatmoqda. Lekin, keyinchalik biznesning deyarli barcha sohalarida axborot xavfsizligi masalasi haqida bosh qotirishga to‘g‘ri keladi va bu sohaga pul tikishga majbur bo‘lishadi. Bu boradagi qiziq jihat shuki, endilikda maxfiy ma’lumotlarni nafaqat xakerlardan, balki, o‘z xodimlaridan ham himoyalashga to‘g‘ri keladi.

Shaxsiy ma’lumotlardan maqsadli foydalanish borasida yangi imkoniyatlar taqdim qilishi kutilayotgan yo‘nalishlardan biri differensial konfidensiallik prinsipi bo‘lishi mumkin. Bu tamoyilga ko‘ra, muayyan guruhga oid odamlar haqida ko‘p turli axborotni yig‘ish mumkin bo‘ladi va shu bilan birga, aniq bir muayyan odamning shaxsiy ma’lumotlari olinmaydi. Yig‘ilgan ma’lumotlarni umumlashtirish va unda aniq bir odamga tegishli ma’lumotning oshkor bo‘lmasligini ta’minlash uchun tizim ushbu ma’lumotlar ichida statistik shovqin – ataylab kiritilgan chalkashliklarni ham joriy qiladi. Masalan, bunda foydalanuvchilarning muayyan so‘rov bo‘yicha ma’lumotlari aralashtirib yuboriladi va uni anonimlikdan chiqarib bo‘lmay qoladi. Bunday axborot xavfsizligi modelini Facebook va Apple allaqachon qo‘llamoqda.

Haydovchi va mashinistlar o‘zi ham passajirga aylanadi

Haydovchisiz avtomobil bu – lidar (optik masofa o‘lchagich) va radar o‘rnatilgan oddiy mashina bo‘lib, unga shuningdek, videokameralar va atrofni sezish imkonini beruvchi yana ko‘p sonli sensorlar qo‘yilgan bo‘ladi. 2019-yilda jahon bo‘yicha 333 mingdan ziyod haydovchisiz avtomobillar mavjud edi. Hozir bu soha sust start holatida turibdi. Haydovchisiz avtomobillarning joriy qilinishiga asosiy to‘siq – bu bunday avtomobillar harakati uchun atrof-muhitning tayyor emasligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, haydovchisiz avtomobilning harakat jarayoni juda katta hajmdagi ma’lumotlarni katta tezlik bilan uzatib-qabul qilinishini taqozo qiladi va bu esa bizni yana beshinchi avlod tarmog‘ining joriy qilinishi masalasiga qaytaradi. Bundan tashqari, haydovchisiz mashinalarni ko‘chada harakatlanishi uchun me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘plamiga ham katta o‘zgartirishlar kiritishi kerak bo‘ladi. Xususan, agar yo‘l-transport hodisasi haydovchisiz avtomobil ishtirokida sodir qilingan bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerakligini hal qilish lozim.

Shunga qaramay, yaqin kelajakda haydovchisiz avtomobillar oddiy holga aylanishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, bu tufayli taksi xizmatlari 80 foizgacha arzonlashishi mumkin va 2030-yilga borib, haydovchisiz avtomobillar bozori 2 trillion dollarga yetadi.

Kvant to‘rini qayerga tashlaymiz?

Hozirda kvant kompyuterlarini jahon bo‘ylab ko‘plab olimlar va Google, IBM, Microsoft singari yirik kompaniyalar tadqiq qilishmoqda. Agar kvant kompyuteri yaratilsa, bu haqiqiy ma’nodagi inqilob bo‘lgan bo‘lar edi va uni internetning yaratilishi bilan qiyoslash mumkin bo‘ladi. Shunga qaramay, ma’lumot uzatishning kvant tarmoqlarini yaratish borasida tadqiqotchilar allaqachon ma’lum muvaffaqiyatlarni qayd etishgan. Bunday tarmoqda uzatilgan axborot oluvchiga yetib borgunicha hech qanday o‘zgarishlarga uchramasligi va uni yo‘l-yo‘lakay ham hech kim tutib ololmasligi kafolatlangan bo‘ladi, deb hisoblanadi.

Kvant tarmog‘ida shifrlash kalitini tuzish uchun alohida qutblangan fotonlardan foydalaniladi. Kalit xabar jo‘natish lahzasida shakllantiriladi va unga faqat xabarni jo‘natuvchi va qabul qiluvchi ega bo‘ladi xolos. Shifrlangan axborot esa ochiq kanal orqali uzatiladi. Agar begona odam kanaldagi axborotni tutib olishga urinish sodir qilsa, u holda, kvant kaliti generatsiyalangan asosiy holat orqali zarrachalarning xarakteristikasi o‘zgarib ketadi va begona odam tutib olgan axborotini o‘qiy ham olmaydigan bo‘ladi.

Kvant shifrlash usuli turli maqsadlardagi kommunikatsiya tarmoqlarida, xususan, sun’iy yo‘ldosh orqali axborot uzatish kanallarida ma’lumotlarni shifrlash uchun  qo‘llanishi mumkin. Yaqin yillarda bu texnologiya data-markazlar, banklar va aloqa operatorlari uchun dolzarb masalaga aylanadi. Keyinchalik esa kvant to‘ridan internetni yanada rivojlantirishda, telemeditsinada hamda uchuvchisiz, haydovchisiz transport vositalarini boshqarishda foydalanilishi mumkin.

Kvant tarmoqlari ayrim mamlakatlarda allaqachon mavjud. Masalan, Xitoyda Pekin va Shanxay o‘rtasida 2000 km masofadagi kvant to‘ri qurilgan. Hozirda bu to‘r boshqa shaharlarga ham kengaytirilmoqda. 2017-yil dekabrida Rossiyada ham birinchi 25 km kvant tarmog‘i qurilgan edi. 2019-yilda Rossiya kvant to‘rlari uzunligi 143 km ga yetdi. 2021-yilda esa Rossiyada birinchi tijorat kvant tarmog‘i ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u 670 km uzunlikka ega bo‘ladi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.