Isroilning “Betselem” huquqni himoya qilish tashkiloti ma’ruza e’lon qilib, Isroildagi vaziyatni aparteid (irqiy ayirmachilik) deb atadi. Bu haqda Meduza yozmoqda.

Falastinliklar va isroillik harbiylar G‘arbiy qirg‘oqda yahudiy manzilgohlari qurilishiga qarshi aksiyada

Foto: Sipa

“Betselem” 1989-yilda so‘l oqimdagi partiyalar faollari, huquq himoyachilari va olimlar tomonidan tashkil qilingan. Hozir u mamlakatdagi eng ta’siri kuchli huquqni himoya qilish tashkilotlaridan biri hisoblanadi. “Betselem”ni Isroil hukumatini arab fuqarolari, shuningdek, Falastin fuqarolari huquqlariga amal qilmaganlik uchun bir necha marotaba tanqid qilgan, ammo shu paytgacha bunchalik qat’iy baho berishdan tiyilgan edi.

Ma’ruzada ta’kidlanishicha, Isroil aslida Iordan daryosidan O‘rtayer dengizigacha bo‘lgan butun hududni — BMT tomonidan tan olingan o‘z hududini, G‘arbiy qirg‘oqdagi yahudiylar manzilgohlarini va Sharqiy Quddusni nazorat qilmoqda, ammo ular dunyoning ko‘pchilik mamlakatlari tomonidan bosib olingan deb hisoblanadi. 15 yil avval Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilgan G‘azo sektoridagi hayot ham to‘liq Isroil tomonidan nazorat qilinadi, degan fikrda “Betselem”. Nihoyat G‘arbiy qirg‘oqni boshqaradigan Falastin ma’muriyati Isroil ma’qullamasidan turib, birorta muhim qarorni qabul qila olmaydi, deyiladi ma’ruzada.

Bu hududlarda jami 14 million kishi yashaydi. Ularning, taxminan, yarmi yahudiylar, yarmi — arablar. Ayni paytda yahudiylar, “Betselem”ning ta’kidlashicha, Isroil fuqarolari hisoblanadi va qayerda — Isroil hududida yoki manzilgohlarda yashashidan qat’i nazar, barcha huquqlardan foydalanadi. Arablar bilan bog‘liq vaziyat esa boshqacha: ularning huquqlari yashash joyidan kelib chiqadi.

Isroil hududida yashaydigan arablar mamlakat fuqarolari hisoblanadi va yahudiylar qanday huquqlarga ega bo‘lsa, ularda ham shunday huquqlar bor. Sharqiy Quddusda yashovchi 350 ming nafar arab Isroilning doimiy rezidentlari maqomiga ega — ular mamlakatda maxsus ruxsatnomalarsiz ishlashi, tibbiy xizmatlardan foydalanishi, munitsipal saylovlarda ovoz berishi mumkin. Ayni paytda G‘arbiy qirg‘oqdagi 2,6  million va G‘azo sektoridagi 2 million nafar arablar siyosiy huquqlardan mahrum, deyiladi “Betselem” ma’ruzasida.

Xorijda Isroil tanqidchilari mamlakatdagi vaziyatni allaqachondan buyon aparteid deb atayotgan bo‘lsa-da, Isroil jamoatchilik maydonida bu so‘zni qo‘llash aslida taqiqlanadi: hatto Isroil hukumatining mo‘tadil tanqidchilari ham ko‘pincha bu so‘zdan qochishga harakat qiladi (ammo hukumatning radikal raqiblari baribir undan foydalanadi). “Betselem” ma’ruzasining paydo bo‘lishi jamoatchilik kayfiyatida sifatli siljish bo‘lishi kutilayotganini bildirishi mumkin: Falastinda qachondir mustaqil arab davlati paydo bo‘lishiga tobora kamroq odamlar ishonmoqda. Birdam mamlakatda barcha fuqarolar millatidan qat’i nazar, teng huquqli bo‘lishi shartligi nazarda tutilmoqda.

“Betselem”ning o‘zida bunday ma’ruzaning aynan hozir paydo bo‘lishini Isroil, huquq himoyachilari fikricha, arablarga bosimni kuchaytirayotgani bilan izohlashdi. Birinchidan, 2018-yilda mamlakatda Isroilning “yahudiy xalqi milliy davlati” sifatida ta’riflovchi qonun qabul qilingan, ikkinchidan esa, 2019-yilda mamlakat hukumati G‘arbiy qirg‘oq hududining, taxminan, uchdan bir qismini bosib olish rejalari haqida e’lon qilgan edi (hozir bu jarayon Isroilning BAA bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishi fonida vaqtinchalik to‘xtatilgan).

Isroil rasmiy vakillari va bir qator isroilparast jamoat tashkilotlari ma’ruzani keskin tanqid qildi. Isroilning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi matbuot kotibi Itey Milner uning “noto‘g‘ri talqin qilingan mafkuraviy yondashuv”ga asoslanganini aytib, Isroildagi arab fuqarolari hukumatda, shu jumladan, diplomatik korpusda o‘z vakilligiga ega ekanligini ta’kidladi. Buyuk Britaniyadagi Isroil elchixonasidan uning hamkasbi Oxad Zamet ma’ruzani “yolg‘on da’vo va targ‘ibot vositasi” deb atadi.

Koxelet tahliliy forumining xalqaro huquq bo‘limi rahbari Yujin Kontorovich ma’ruzani qonli tuhmatga qiyosladi va falastinliklarning o‘z hukumati borligini qayd etdi. The Jerusalem Post nashri ta’kidlashicha, “Betselem”ning ma’ruzasida rasman Falastin ma’muriyati nazorati ostidagi hududlarda yashaydigan yahudiylar ham diskriminatsiyaga uchrashi, chunki mahalliy saylovlarda qatnasha olmasligi fakti tilga olinmagan. Isroilning Nyu-Yorkdagi sobiq bosh konsuli Elon Pinkas qayd etishicha, Isroilni tanqidchilarining ko‘p qismi ilgari “aparteid” atamasini qo‘llashdan tiyilgan bo‘lsa, endi ma’ruza tufayli: “Hoy, axir isroilliklarning o‘zlari bu haqda gapiryapti-ku”, — deb ayta oladi.

Aparteid — Janubiy Afrika Respublikasida 1948—1994-yillarda olib borilgan irqiy segregatsiya (diskriminatsiya) rasmiy siyosati shunday deb atalgan. JAR qora tanli aholisi vakillari qariyb barcha fuqarolik huquqlaridan mahrum edi, ular maxsus rezervatsiyalarda yashab, maxsus ruxsatnomalar bilangina u yerni tark etishi mumkin bo‘lgan. Keng ma’noda aparteid deganda har qanday belgilar bo‘yicha segregatsiya rejimi nazarda tutiladi.

Qonli tuhmat — yahudiylarga qaratilgan boshqa dinlar (birinchi navbatda, nasroniylar) vakillarini diniy marosim (qurbonlik) maqsadlarida o‘ldirish bo‘yicha ayblov.