Daryo

Toshkentda davom etayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar sinovida hozircha nojo‘ya ta’sir aniqlanmadi

Innovatsion rivojlanish vazirining ta’kidlashicha, vazirlik rahbariyati ham ushbu vakina bilan emlangan bo‘lib, bir oydan buyon nojo‘ya ta’sir kuzatilmagan

1 daqiqa o‘qish70 976 ko‘rishlar0 izoh0
Ibrohim Abdurahmonov. Foto: “Daryo”

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent shahrida joylashgan uchta poliklinikada ko‘ngillilarda koronavirusga qarshi vaksinalar sinovi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda vazir “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Foto: “Daryo”

“Toshkent shahridagi uchta poliklinikada ko‘ngillilarda koronavirusga qarshi vaksinalar sinovini boshlab yubordik. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni — bu eng ko‘p vaqt oladigan jarayon hisoblanadi, u ommaviy emlash jarayoni emas. Bu ilmiy-tadqiqot jarayonidir.

Uchinchi sinovlarning boshida vazirligimiz rahbariyati, shaxsan o‘zim ham bir oy oldin vaksina bilan emlandik. Bir oy ichida o‘zimizda birorta nojo‘ya ta’sirlarni sezganimiz yo‘q. Dastlabki natijalar antitanalar hosil bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu vaksina genlar injenerligi yo‘li bilan yaratilgan, rekombinant oqsilga asoslangan vaksinadir. Bunda oqsilning kichkina bo‘lagi klonlashtirilib, bunda virus strukturasidagi boshqa birorta komponent inson organizmiga yaqinlashmaydi. Ko‘ngilli sifatida ishtirok etayotgan xalqimizga katta rahmat aytamiz, bu jarayonni samarali yakunlaymiz degan umiddaman”, — deydi innovatsion rivojlanish vaziri.

Avvalroq Ibrohim Abdurahmonov bir necha ko‘ngillilar, shu jumladan, o‘z oila a’zolari ham ikki hafta oldin Xitoy rekombinant vaksinasini olgani, 14 kundan beri birorta nojo‘ya ta’siri kuzatilmaganini ma’lum qilgandi. Mavzuga doir: Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshlarida Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish va mamlakat hududida vaksinalar ishlab chiqarish sanoatini ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasining 100 ta dozasini shaxsan o‘zi Toshkentga olib kelgan edi.

Noyabr oxirida esa sog‘liqni saqlash vaziri 2020-yil oxiri yoki 2021-yil boshlarida O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasining klinik sinovlariga kirishishni mo‘ljallayotganini ma’lum qilgandi. O‘zbekistonda 2021-yilning iyuniga qadar 60 foizgacha aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.