Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bir necha ko‘ngillilar, shu jumladan, o‘z oila a’zolari ham ikki hafta oldin Xitoy rekombinant vaksinasini olgani, 14 kundan beri birorta nojo‘ya ta’siri kuzatilmaganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kun.uz”.

Foto: “Daryo”

Avvalroq koronavirusga qarshi Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning 3-bosqich sinovlari O‘zbekistonda ham start olgan edi. Jami 5 ming nafar ko‘ngilli tanlab olingan.

“Eng muhim jihatlardan biri — vaksinatsiyaning sinov jarayonlarini to‘liq xitoylik hamkorlarimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz. Ochig‘ini tan olib aytamiz, bu jarayonlarni ham dunyo standartlari darajasida o‘tkazishni o‘rganishimiz kerak. Ko‘ngillilarni jalb qilishda tartibga rioya qilish lozim. Sababi — bu ilmiy tadqiqot. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Masalan, sinovlarda qatnashgan odamlar tekshiruvga kelmay qolib, samaradorlikni o‘lchash ishlari cho‘zilib ketishi kabi holatlar bo‘lmasligi kerak. Bir oy davomida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda vaksinatsiya jarayonini amalga oshiramiz. Bu bo‘yicha shifokorlarimizga treninglar o‘tkazdik”, — deydi Abdurahmonov.

Innovatsion rivojlanish vazirining ta’kidlashicha, ushbu vaksinaning xavfsizligiga ishonch hosil qilgachgina, birinchi va ikkinchi sinovlaridan yaxshi o‘tganidan keyin qo‘shimcha effektlari bo‘ldimi-yo‘qmi, hammasini o‘rgangandan keyin O‘zbekistonga olib kelish choralariga va sinovlariga rozilik bildirilgan.

“Va buni sizlarga ishonch bilan aytishim mumkinki, birinchidan, o‘zimning oilamda, ko‘ngillilarda 14 kun oldin bu vaksinaning sinovini o‘tkazdik. 14 kundan beri birorta nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani yo‘q. Shuning uchun ham mana bugun sinovlarga start berilganida bizda hadik yo‘q. Xalqimizdan sinovini o‘tkazib, bir tajribaga aylantirilyapti, degan fikrlardan yiroq bo‘lishlarini so‘rardim”, — deya qayd etadi Ibrohim Abdurahmonov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, vaksinaning ikkinchi dozasidan keyin emlangan odam organizmidagi antitanalar 90 foizdan yuqori hosil bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

“Vaksinani ko‘ngillilarda, o‘zlari murojaat qilgan tashkilotlarning xodimlarida amalga oshiramiz. Emlangandan so‘ng 35 minut davomida kuzatuv olib borilishi kerak. Keyin esa 24 soat davomida muloqotda bo‘lib turish lozim. Jarayon 1 yil davom etadi. Shu vaqt mobaynida emlanganlar 8 marta tibbiy ko‘rikka chaqirilishi ko‘zda tutilgan”, — deydi innovatsion rivojlanish vaziri.

Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, vaksina ustida sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi agentlikka 21-oktabr kuni emas, balki 19-noyabr kuni taqdim etgan. Xitoy vaksinasining platsebo namunalari va tegishli standartlar hamda reagentlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markazi tomonidan qabul qilingan.