Poytaxtda ijarada yashash... Ishonchli uy va makler qidirib sarson bo‘lish. Ikki qo‘lda chamadon bilan uchinchi, to‘rtinchi qavatga liftsiz chiqib-tushish. Buning qanchalar qiyinligini Toshkentda ijarada turib ishlayotganlar, talabalar, ayniqsa, qizlar yaxshi tushunadi.

16-noyabrdan boshlab talabalarning an’anaviy o‘qishga qaytishi munosabati bilan uy egalari ijara narxlarini yaxshigina oshirdi. Avgustda 200 dollar atrofidagi (o‘rtacha ta’mirlangan, ikki xonali) uylar noyabrga kelib 300-350 dollardan bir so‘m kamiga berilmaydigan bo‘ldi. Yana o‘lganning ustiga tepganday, maklerning xizmat haqqi ham bor.

Xullas, uylarga talab oshib, maklerlarning oshig‘i olchi bo‘lgan bir paytda men ham ijara muammosiga duch keldim. Tanish bilishlardan so‘rab-surishtirsam, noinsof uy egalaridan tortib, yolg‘onchi maklerlarga duch kelgan yolg‘iz odam emasligimni bildim.

Qisqa qilib aytganda, shu voqea sabab Toshkentda ijarada turishning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari, mashaqqatlarini viloyatliklar hayoti misolida yoritishga qaror qildim.

Dastlab o‘zimning hikoyamdan boshlayman.

Foto: “Daryo”

“300 dollar berib, o‘ynashingni olib kelib yashasang ham mayli”

15-avgustdan boshlab, O‘zbekistonda karantin qoidalari yumshatilganidan so‘ng, Toshkentga ishga qaytdim. Sherigim bilan ilgari ijarada turgan uyimizda yashay boshladik.

16-noyabrda talabalarning an’anaviy o‘qishga qaytgan paytida uy egasi kelib “Narxlar oshib ketdi, endi 300 dollardan berasizlar”, deb shart qo‘ydi (avval 250 dollar edi). Yana uyda biz bilan nabirasi va uning dugonalari turishini, u istagan joyida dars qilishini, biz esa hech qachon qarshilik qilmasligimizni tayinladi.

Tabiiyki, rozi bo‘lmadik. Uy egasi “Bo‘lmasa, ikki kunda boshqa joy topib, chiqib ketinglar”, dedi. Eng qizig‘i, o‘sha kuni 21-noyabr, biz esa oyning 27-sanasigacha ijara haqini to‘lab qo‘ygandik.

Xullas, sheriklarimiz bilan uy qidirishga tushdik. Ayni talabalar qaytgan payt, kvartiralarning aksariyati to‘lib bo‘lgan. Maklerlarga telefon qilsak, hech qanday sharoiti bo‘lmagan (shkaf, yotoq yo‘q, faqat gilam to‘shab qo‘yilgan) xonalar borligini aytadi. Yana bitta kichkina xonaga uchta qiz qo‘yishini ta’kidlaydi.

“Xozyayka”siz uylarning narxi qimmat. Mayli, turaveramiz desak ham aksariyati qiz bolaligimizni eshitib rozi bo‘lmaydi. Xonadon faqat oilaga berilishini aytadi.

Foto: Olx.uz

Olx.uz sayti orqali ham kvartira qidirsak, bitta uyning rasmi boshqa-boshqa manzildagi xonadonlarga qo‘yilgan o‘nlab e’lonlarga ko‘zimiz tushadi. Yoqqanlariga telefon qilsak, makler uy sotilib ketganini, istasak boshqa uylarni ko‘rsatishini aytadi. Ammo ko‘rsatilgan uylar aytilgan narxga arzimaydi.

Xullas, ancha kun joy qidirib, xunob bo‘ldik. Va nihoyat sherigim tanishi orqali 300 dollarga uy topdi. Biroq uy narxini 250 dollarga tushirib berishini so‘raganida, uy egasi “300 dollar ber, seni bezovta qilmayman, o‘ynashingni olib kelib yashasang ham mayli”, debdi. Ochig‘i, bu gapdan yoqamni ushlab qoldim.

Xayriyatki, bu orada boshqa joy topilib, sherigim gaplashgan o‘sha uyga ko‘chmadik.

“Uy egasi meni ikkinchi xotin qilib olmoqchi bo‘lgan”

Muyassar Yusupova, tikuvchi, 46 yoshda. Qoraqalpog‘istondan. 18 yildan buyon Toshkent shahrida ijarada yashaydi.

18 yil ijarada turgan bo‘lsam, to‘rt marta uy egalari uydaligimizda kalit bilan ochib, indamay kirib kelgan.

Bittasi 65 yoshli rus chol, 65 yoshli o‘zbek onaxon, 40 yoshli rus erkak o‘g‘li bilan “Uyimdagi janjaldan bezor bo‘ldim. Buyam o‘z uyim” deb, 00:30 da kelib o‘tirib olishgan. Shunga uydan chiqib ketishga majbur bo‘lganman.

Bittasida esa uydan qochib ko‘chib ketishga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda ikki yildan beri ijara turgan uyimni yosh yigit sotib olgan. Bolalarim bilan o‘tirganimda indamay, bir-ikki marta kelib-ketgan. Sababsiz kelishidan hayron bo‘lganman, lekin kelma, deya olmaganman.

Bir kuni u yigit dangal “Menga ikkinchi xotin bo‘lasan, tagimda Lacetti, men bilan ertaga tog‘ga dam olgani ketasan”, deb aytgan. Uydan chiqib ketishini aytganman. Lekin bu o‘zimning uyim, hech qayerga chiqib ketmayman, deb turib olgan.

Eng yomoni, bu voqea 13 yashar o‘g‘limning oldida bo‘lgan edi.

Unda men ko‘chib ketaman, dedim. Ishonmadi shekilli, kulib, “Oldingi uy egasi zo‘rg‘a kun ko‘rganing uchun savobga qo‘yganini aytdi. O‘zi kambag‘al bo‘lsang, nimangga noz qilasan?, — deb ketgan.

Ijaraga uy topdim. Hozir ko‘chyapman deb qo‘ng‘iroq qilsam, ishonmay maklerning raqamini so‘ragan, berganman. Keyin uyga yetib kelib, “ko‘chmang opa” deb iltimos qilgan. Men uning gaplariga ishonib, yana o‘sha uyda qolganman. Biroq ertasiga xato qilganimni tushunganman.

Maklerga tezda telefon qilib, uy topganman. Ko‘chayotganimni kimdan eshitgan, bilmadim, uyga yetib kelib, mebellarimni olib ketishga imkon bermagan. Noiloj “dom”imizning pastidagi do‘konchiga tushib, u xohlagan narxga sotishga majbur bo‘lganman.

Magazinning oldida kelib, meni mashinasiga sudramoqchi bo‘lgan. Qo‘lini siltab, yuziga shapaloq tortib yuborganman.

Xo‘rligim kelib yig‘lab yuborganman. Qaniydi kuchim yetganida pachog‘ini chiqarib qo‘yardim. O‘sha paytlari o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilmaganimga qattiq afsuslanganman.

Xullas, shunday qilib, o‘g‘illarim bilan qo‘lda ikkita ko‘rpacha, choynak-piyola ko‘tarib, ko‘chib ketishga majbur bo‘lganmiz.

Foto: Google Images

“Bir yil ichida yettita uy almashtirdim”

Habiba Usmonova, tarjimon, 25 yoshda. Namangan viloyatidan. Bir yildan buyon Toshkentda ijarada yashaydi (Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra ism-familiyasi o‘zgartirildi).

14 yoshimdan beri ijarada yashayman. Sababi 9-sinfni bitirganimdan keyin shahardagi kollejga o‘qishga borganman. Shu paytdan men uchun ijara hayoti boshlangan. Uch yil davomida uchta kvartirada turganman.

Birinchi hovli kollejimga yaqin joyda edi. Unda 30 tacha qiz turardi. Ikkinchi bosqichligimda o‘zim ishlaydigan do‘kon egasi bo‘lgan xolaning uyida turganman. Uchinchi kursligimda esa repetitorga yaqin bo‘lishi uchun yashash joyimni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan. Shundan keyin o‘qishga kirdim. O‘qish davrida ham ijarada yashadim.

2019-yil Toshkentga kelganimdan so‘ng, ijaradagi hayot qiyinchiliklari boshlandi.

Boshida yolg‘iz o‘zim yashamoqchi bo‘lganman, biroq umuman joy topolmaganman.

Chunki sentabrga yaqinligi uchun uylarning narxi qimmat bo‘lardi. Imkoniyatim yetmasdi. Shu bois tanishimning onasi bilan yashaganman. Judayam yaxshi xola edi. Lekin yashayotganim joyim ishim va o‘qishimga uzoqlik qilgani uchun yana boshqa uy qidirishga majbur bo‘lganman.

Ikkinchisi hovli bo‘lgan. Uy egasi dugonam ikkimizni birga qo‘ygan. Bizdan tashqari yana ikkita oila ham yashardi (albatta, alohida ajratilgan uylarda). Dugonam bilan 150 dollar berardik. Bergan pulimizga uyning sharoiti arzimasdi, xonamiz sovuq edi.

Yana boshpana izlay boshladim. Bu safar endi o‘zim yolg‘iz turmoqchiligimni aytganimda, “Voy, siz qiz bolasiz, bitta o‘zingizni qo‘ymaymiz. Xudo biladi, nima ish qilasiz”, deb ochiqchasiga yuzimga aytganlar ko‘p bo‘lardi.

Rozi bo‘lganlarining esa ijara narxlari 300, 400, 500 dollar atrofida bo‘lardi. Tabiiyki, ham o‘qib, ham ishlayotgan qiz uchun bu summa ancha qimmatlik qilar, bor oyligimni ijaraga to‘lasam, yashashim, yeb-ichishim, uyga jo‘natishim uchun ortiqcha pul qolmasdi.

Shunday qilib, joy topgunimcha hamkasbim Gulchehra opaning uyida yashab turdim.

Foto: Olx.uz

Har kuni uy qidirardim. Ba’zida kuniga 20-25 talab makler, uy egalari bilan gaplashardim. Nimasinidir puli, ba’zilarining joyi to‘g‘ri kelmasdi. Kimdir bir o‘zimni qo‘yishga rozi bo‘lmasdi.

Xullas, bir amallab sheriklikka uy topdim. Aslida uy uch xonali edi. 100 dollarga bir xonasini menga beradigan bo‘lishdi. Ikkita sherik bilan yashay boshladim.

Tarjimonman, ko‘pincha kechasi ham ishlashga to‘g‘ri kelardi. Shu bois sheriklar bilan chiqishish qiyin bo‘lardi. Yana uy izlashga tushdim.

O‘sha payt karantin, kvartiralar ancha arzonlashgandi. 27-aprelda osongina uy topdim. 200 dollarga hech narsa demay, bir o‘zimni qo‘yadigan bo‘ldi. Judayam xursand edim. Tezda ko‘chib kirdim. Lekin oradan bir oy o‘tgandan keyin uy egasi “bo‘ldi, endi menga 250 dollardan berasan”, deb narxni birdaniga oshirib oldi. Yana 500 ming so‘m to‘lab turishim mumkin edi, lekin kvartira egasining subutsizlik qilgani jahlimni chiqardi. Bo‘ldi, chiqib ketaman deb, uyni topib bergan maklerga telefon qilib, vaziyatni tushuntirdim.

U menga boshqa uy topib berdi. Borib ko‘rdim. Ochig‘i, sharoiti unchalik yaxshi emasdi. Yoqtirmadim. Ammo noiloj, mayli nima bo‘lsa ham yashayveraman, deb tezda ko‘chib kirdim.

Afsuski, u uyda uch kundan ortiq turolmadim. Chiqib ketaman desam, birinchi kundayoq 200 dollar berib qo‘ygandim. Uy egasi bilan gaplashsam, u pulimni qaytarib bermasligini aytdi.

Ammo makler oraga tushganidan so‘ng, uch kun turganim uchun 50 dollar olib qolib, 150 dollar qaytarib berdi.

Shuncha qiyinchiliklardan keyin nihoyat 200 dollarga hamma sharoitlariga ega hozirgi kvartiramni topdim. Uy egasi ham yaxshi. Xudoga shukur, olti oydan so‘ng qo‘nim topdim. Hozir judayam xursandman.

Ayrim maklerlarning insofsizligi, yo‘g‘-e, faoliyati haqida ham ikki og‘iz.

Foto: “Daryo”

Maklerlar qaysi qimmatli xizmati uchun 50 foiz haq oladi?

Dilrabo Akramova, jurnalist, 32 yoshda. Farg‘ona viloyatidan. Uch yildan beri Toshkentda ijara yashaydi.

2017-yil oilamiz bilan Farg‘onadan ko‘chib keldik. Yangi oila, yangi hayot, tabiiyki, o‘ziga yarasha muammolar bor. Eng katta muammomiz uy edi. Nasib etsa, unga ham erisharmiz, degan yaxshi niyat bor.

Bugunga qadar sakkiz joyga ko‘chdik. Har bir ko‘chish o‘ziga xos tarixiga ega. Birida uyning sovuqligi, birida uy egasining uyni sotgisi kelib qolishi, boshqasida remontning juda eskirib ketgani, ba’zan o‘zidan-da nomi xunuk hasharotlarga talanish sabablari tufayli birida istab, birida istamay uyni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lganmiz.

Avval bitta farzand, keyin ikkinchisi, xullas, chaqaloq bilan ham ko‘ch-ko‘ron ko‘tarib yurdik va hali-hamon shu jarayon davom etmoqda. Uydan chiqib ketishdan avval boradigan joyingiz aniq bo‘lishi kerak. Shuning uchun o‘z-o‘zidan rieltorlarga ishingiz tushadi. Ularga telefon qilib, maklermisiz desangiz, rieltor deb norozi ohangda xatoyingizni to‘g‘rilab ham qo‘yishadi.

Qishga yaqin, ayniqsa, talabalar Toshkentga qaytadigan sentabr oyida ijara narxlari shu darajada oshib ketadiki, labingizga uchuq toshadi. Er-xotin bolamizning birini yetaklab, ikkinchisini ko‘tarib, uy bozorga yo‘l olamiz.

Biz so‘ragan o‘rtacha narxni eshitib, maklerlar hatto salomimizga alik olmaydi. Aji-buji yozilgan e’lonlarni ko‘ramiz, deyarli butun bozorni aylanib chiqamiz. Kamida uch marta boramiz, keyin biror umid paydo bo‘ladi.

Kvartirani almashtirish har qanday ijarachiga og‘irlik qiladi.

Chunki 50 foiz maklerning xizmat haqqi bor. Keling, real summada misol keltiraman. Masalan, hozir oddiyroq, o‘rtacha ijara uy 200 dollar, uning makler xizmati summaning yarmi, ya’ni 100 dollar. Sizni manzilga olib kelib, uyni ko‘rsatadi, shu bilan makler o‘yindan chiqadi.

Endi o‘ylab ko‘raylik, u qaysi qimmatli xizmati uchun bu pulni oladi?! Bu puldan soliq to‘lamaydi, yugur-yugur qilmaydi, hatto sizni uyni ko‘rgani olib kelganda ham yo‘lkirasini o‘zi to‘lamaydi.

Bir kuni uy bozorda chetda siqilib turgandim. Turmush o‘rtog‘im bir gala makler ichida uy rasmlarini ko‘rayotgandi. Shu payt “Madaniyat va ma’rifat” telekanali ochilganda biz bilan bir muddat ishlagan sobiq hamkasbimni ko‘rib qoldim. Yoshi men qatori. So‘rashdik. Bo‘yniga uy e’lonlaridan osib olgan. Boshida hayron bo‘ldim.

U oyliklar pastligidan kasbini tashlab, maklerlikka o‘tib ketganini aytdi. Bu yerda unga o‘xshab o‘z kasbini tashlab, bu sohaga o‘tib ketganlar ko‘p ekan. Demak, tushum yaxshi. Men bu gapim bilan hamkasbimni ayblamoqchi emasman. Uning ham oilasi, bola-chaqasi bor.

Televideniye sohasida ishlaydiganlarni, ayniqsa, jurnalistlarni hamma puli bor, muammosi yo‘q, shohona yashaydi deb o‘ylaydi. Lekin men kabi uysiz jurnalistlar atrofimda talaygina. Uy, ko‘chish, propiska muammosi holdan toydirgan. Propiska muammosi hozir hal bo‘ldi, biroq hali uyimiz yo‘q.

Uy sotib oladigan bo‘lsangiz, 5 yoki 10 foiz maklerning xizmat haqqini ham qo‘shib to‘laysiz.

Dunyo bozorida rieltorlik xizmatlari mijozga uy topib bergandan so‘ng uning hujjatlari bilan ham shug‘ullanadi. Lekin bizda unaqa emas. Maklerlar sizga uy topib bergani uchun kamida ta’zim qilib, haqqini berib kuzatib qo‘yasiz.

Maklerlar bilan muammo, tortishuvlar bo‘lmagan, lekin kamdan kam odam ularga rozi-rizochilik bilan pul bersa kerak. Chunki ijarachi insonga hech qachon oson bo‘lmagan. Men ularni tekinga ishlasin demoqchi emasman, lekin hech bo‘lmasa 20 foizga, ana boring 30 foizga ishlasa ham ular yaxshigina pul topadi.

Men bozorda rieltorlarning bo‘lmasligi ham tarafdori emasman. Ular bilan ishimiz bitishi osonlashadi. Hamma gap ular o‘z xizmatiga juda baland baho qo‘yib olganida.

Foto: “Daryo”

“Ijara haqqini bermaganim uchun kechasi 21:00 da uydan chiqarib yuborishdi”

Mubina Nazarova, jurnalist, 25 yoshda. Andijon viloyatidan. Ikki yildan beri poytaxtda ijarada yashaydi (Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra ism-familiyasi o‘zgartirildi).

Qiz bola bo‘lganim uchunmi, bilmadim, ijaradagi hayot qiyinchiliklarini ko‘p ko‘rganman. Musofirchilikda uy egalarining qosh-qovog‘iga qarab yashash, qiz bolaning yolg‘iz boshi bilan hali u kvartiradan, hali bu kvartiraga ko‘chib yurish qanchalar yoqimsiz holat ekanini yaxshi tushunaman.

Keling, gaplarimni isboti sifatida bir yil oldin bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beraman.

Universitetning to‘rtinchi bosqichida o‘qirdim. Tabiiyki, to‘rtinchi kurslar uchun yotoqxona berilmaydi. O‘qishimga yaqin joydan hovli topib, ko‘chib o‘tdim. Hamma sharoitlari yaxshi edi. Ammo havo sovib, qish yaqinlashib qolganda uy egasining xurmacha qiliqlari chiqishni boshladi.

U sahar turib, issiqlik quvurlarini o‘chirib qo‘yar, ertalab sovqotib uyg‘onardim. Eng yomoni, yuvinayotib ham iliqdan sovuqroq bo‘lgan suvdan foydalanishimga to‘g‘ri kelardi.

Bir kuni uy egasidan sovuq uyda kasal bo‘lib qolayotganimni, gazni sahar o‘chirib qo‘ymasligini so‘raganimda, u yoqmasa uydan chiqib ketishimni aytdi. Noiloj boshqa ijaraga uy qidira boshladim.

Bir necha kun o‘tib, makler orqali uy topdim. Rus ayol uyining bir xonasiga kvartirant qo‘ymoqchiligini, istasam borib ko‘rishimni aytdi. Rozi bo‘lib, borib ko‘rdim.

Xonaning sharoitlari yaxshi edi. Uy egasi kelgunimcha shkafni va xonadagi ortiqcha buyumlarni bo‘shatib berishini aytdi. Puliga kelishdik, ertasiga narsalarimni yig‘ishtirib, ko‘chib bordim.

Sumkamni olib kirib qarasam, xona ortiqcha buyumlardan tozalanmagan, aksincha, tuvakdagi gullarga to‘la edi. Eng yomoni, karavotimning oldida tikuv mashinasi ham bor edi.

Joylashayotganim paytim uy egasi kelib, shkafdagi buyumlariga tegmasligimni, istagan payti xonaga kirib, tikuv mashinasidan foydalanishini aytdi. Indamay, narsalarimni joylayverdim.

Xonada gullarning qurigan barglari tushib qolgandi. Xonani tozalamoqchi bo‘lib, chang artkichni so‘radim. Ammo ayol bir necha kun avval xonamni tozalanganini aytib, rozi bo‘lmadi.

Nima so‘rasam, yoqtirmay javob bera boshladi.

Bu yoqda makler uyni topib bergani uchun ijara haqining 50 foizini so‘rayotgandi. Unga vaziyatni tushuntirsam, “Yo‘q, u ayol unday emas, sen adashyapsan. Hali chiqishib ketasizlar”, deb pulni tezroq berishimni aytdi.

Bildimki, niyati pulni tezroq olish, yashashim bilan ishi yo‘q. Kechga pulni beraman dedim-da, ko‘chaga chiqib ketdim.

Uydan ketay desam, joyim yo‘q. Qolay desam, uy egasi bilan uzoq yashashimga ko‘zim yetmadi. Xullas, ancha payt nima qilishimni bilmay aylanib yurdim. Bu orada uy egasi va makler tinmay qo‘ng‘iroq qilib, pulni tezroq berishimni so‘rayverardi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, uyda turmayman dedim. Ammo turmasligimni aytsam, ular uyni band qilganim uchun pul so‘rashlari aniq edi. Bir xiyla o‘yladim.

Kechki payt uyga borib, bor pulimni kontraktimga to‘lab qo‘yganimni, besh kundan keyin stipendiyam tushsa, ijara haqqi va makler pulini berishimni aytdim. Ammo uy egasi ham, makler ayol ham rozi bo‘lmadi. Pulimizni bermasang, hozir uydan chiqib ketasan deb turib olishdi.

O‘sha payt soat 21:00 dan o‘tgan, qor tinmay yog‘ardi. Opamni chaqirdim. Kelib, meni uyiga olib ketdi.

Mashinada ketarkanman, tinmay xayolimdan “Meniku bu yerda yaqinim, qo‘limda pulim bor. Agar o‘rnimda pulsiz, biror yaqini yo‘q odam bo‘lganida nima bo‘lar edi?”, degan o‘ylar o‘tardi. O‘sha paytda birov uchun birovning hayoti qanchalar qadrsiz ekanini anglaganman.

O‘qiganlaringiz hammasi emas, bor-yo‘g‘i xamir uchidan patir xolos. Hali mavzuga yana qaytamiz.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi