Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 20 yoshli qizi Xadijat Qodirova Grozniyda maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. Meduza’ning xabar berishicha, bu haqda Maktabgacha ta’lim bo‘yicha respublika hukumat qo‘mitasi raisi Aslanbek Junaidov o‘zining Instagram’dagi sahifasida e’lon qildi.

Foto: VKontakte / magomeddaudov

“Ushbu tayinlov, shubhasiz, respublika rahbariyati tomonidan bildirilgan ishonch, rahbarning boshqaruv qobiliyati va ishbilarmonlik fazilatlarining tan olganidan dalolat beradi”, — deb yozgan Junaidov.

Tayinlovga qadar Xadijat Qodirova Grozniydagi “Mo‘jizaviy qasr” (“Skazochniy zamok”) bolalar bog‘chasi mudiri bo‘lib ishlagan.

2020-yilning sentabrida Qodirov o‘zining 21 yoshli qizi Ayshatni respublika madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlagandi.

2020-yilning yozida Ramzan Qodirovning Argun shahri meri lavozimida ishlagan qarindoshi Xas-Magomed Qodirov Checheniston Xavfsizlik kengashining kotibi bo‘ldi. Yil boshida Qodirovning jiyanlari respublikaning sport vaziri, prezident administrasiyasi boshlig‘i va hukumat rahbari etib, uning amakivachchasi esa ta’lim vaziri etib tayinlangan.

Qodirovning qarindoshlari Checheniston rahbariyatida yuqori lavozimlarni egallab keladi. 2018-yilda “BBC Rossiya xizmati” mamlakatdagi eng nufuzli 150 nafar amaldorning 30 foizi Checheniston rahbarining qarindoshlari ekanligini qayd etgan.