Pandemiya davrida e’lon qilingan karantin tufayli ko‘pchilikning vazni ortdi. Shu jumladan mening ham. Tezda ozish uchun samarali usullarni izlay boshladim. Ijtimoiy tarmoqlarda tinmay reklama qilinayotgan turli ozdiruvchi dorilar e’tiborimni tortdi.

Foto: “Daryo”

Reklamada aytilishicha, “parhez qilishingiz shart emas. Kuniga ikkita ichsangiz kifoya. Bir oyda 12 kilogrammgacha ozishingiz mumkin” ekan.

Ushbu dorilarning narxlarini so‘rab-surishtirsam, 200 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha. Ochig‘i, boshida bu narxlarni eshitib, nahotki ozish shunchalik oson va arzon bo‘lsa, deb hayron qoldim. Keyin yuqoridagi gaplar qanchalik rostligini, ozdiruvchi dorilarning foyda yoki zararini aniqlash uchun bir necha oy surishtiruv olib bordim.

Bir kuni Facebook‘dagi ayollar guruhida Ayjamol ismli foydaluvchining ozdiruvchi dori ichganini va bu sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilgani haqidagi postini o‘qib qoldim. U dorini sotib olayotganida “dori foyda qilmasa, pulingizni qaytarib beramiz”, deb aytganini, ammo vaziyatni tushuntirganda sotuvchi qiz o‘zi noto‘g‘ri ichganini aytib, uni bloklab qo‘yganini yozgan edi.

Skrin: “Daryo”

To‘liqroq ma’lumot olish uchun Ayjamolga bog‘landim. U voqeani quyidagicha aytib berdi.

Kasbim jurnalist. Ozdiruvchi dorilar haqida maqola yozmoqchi edim. Menda ortiqcha vazn borligi uchun ozdiruvchi dorining natijasini o‘zimda sinab ko‘rmoqchi bo‘lib, 280 mingga sotib oldim. Ichayotgan paytda Coca-Cola, shirinliklar, fastfud mumkinmasligini aytdi. Qoidasiga rioya qilib, ikki hafta ichdim.

Birinchi hafta dori rostdan ham zo‘r natija berdi. Besh kun ichida 4,5 kilogramm vazn tashladim. Ishtahani bo‘g‘ib qo‘yarkan. Qorningiz ochmaydi, lekin tinmay boshingiz og‘rib turarkan. Anchagacha boshim aylanib, qon bosimim o‘ynadi.

Qon bosimim 110-70.  Tinmay boshim og‘riyverganidan keyin o‘lchasam, 80-50 bo‘ldi, ertasiga 140-90 bo‘ldi. Ko‘chada yurganimda, metroga tushganimda, hatto ishda o‘tirganimda ham nafasim qisib, havo yetishmayotganday bo‘laverdi. Ikki kundan so‘ng esa ko‘nglim aynib, yeganimni qayd qilib tashlaydigan odat chiqardim.

Ikkinchi haftadan boshlab umuman natija bermay qo‘ydi. Aksincha, yo‘qotgan vaznim o‘zimga yana ikki kilo qo‘shilib qaytdi.

Keyin dorini sotgan ayolga yozdim. U dorini olayotgan paytimda natija bo‘lmasa, pulingizni qaytarib beramiz degan edi. Vaziyatni tushuntirdim. Foyda ko‘rmaganimni, sog‘lig‘im yomonlashganini, pulimni qaytarib berishini aytdim. Sotuvchi qiz u dedi, bu dedi. Xullas, tortishib qoldik. Meni guruhidan chiqarib yubordi, barcha ijtimoiy tarmoqlardan blokladi.

Sog‘lig‘im yomonlashganidan so‘ng endokrinologga bordim. Shifokor, gormonimda o‘zgarish bo‘lganligini, agar sotuvchi qiz aytganiday dorini hamma kursini ichganimda onkologik kasallikka chalinishim mumkinligini aytdi. Aytishicha, qonimga vitamin yetishmay, qon bosimi o‘ynagani uchun gormonlar o‘zgarishi yuz bergan. Mutaxassislar ichishim uchun turli vitaminlar yozib berdi. Hozir ularni olib ichyapman. Ahvolim ancha yaxshi.

Ayjamol Joldasboyeva

Foto: “Unsplash.com”

Ozdiruvchi vositalarning inson organizmiga qanday ta’siri bor? Mutaxassislardan javob olishga harakat qildik.

Semizlik, ortiqcha vazn bir kunlik muammo emas. Yillar davomida yig‘ilib, turli muammolardan paydo bo‘lgan holatdir. Mutaxassis sifatida ortiqcha vaznni yo‘qotmoqchi bo‘lganda reja bilan harakat qilish shart deb hisoblayman. Faoliyatim davomida ozdiruvchi dorilar haqida maslahatini doimo eng oxirgi o‘ringa qo‘yganman.

Afsuski, oxirgi paytlarda ta’siri isbotlanmagan, noma’lum saytlarda sotiladigan dorilarga aldanib qolish holatlari ko‘p bo‘lmoqda. Ochig‘i, ularning tarkibini ham bilmayman. Aksariyat ozdiruvchi dorilar hech qayerda tasdig‘ini topmagan. Semizlikda tasdig‘ini topgan dorilar safiga uch guruh dorilar kiradi. Hattoki ular ham hayot tarzini o‘zgartirmaguncha ta’siri yo‘q.

Mening qabulimga mana shu dorilardan naf ko‘rmagan, naf ko‘rmagani ham mayli, hatto zarar ko‘rgan ayollar ko‘p keladi. Nima uchun ichdingiz deb so‘rasam, tez ozishim kerak edi deb aytishadi. Tez ozish bu noreal narsa. Inson organizmi juda aqlli, qanchada ozish kerakligini o‘zi biladi. Shuning uchun ayollarimiz, qizlarimiz bu kabi yolg‘onlarga ishonib qolmasdan, mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda ish ko‘rishlarini maslahat beraman.

Dilobar Ibrohimova, endokrinolog

Foto: “Unsplash.com”

“Ozdiruvchi dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning maqsadi — biznes”

Bugungi kunda turli xil ozdiruvchi dorilar ko‘payib ketgan. U haqiqatan ham ozdiradimi yoki organizmni boshqa a’zolariga zarar qiladimi, ko‘pchilik bilmaydi.

Yaqinda qabulimga shunday murojaat bilan kelishdi. Ayol kishi muntazam ravishda ozdiradigan dori ichgan va anoreksiya kasalligiga chalingan. Hozir ruhiy kasalliklar shifoxonasida yotibdi. Ovqatni ko‘rsa, ko‘ngli ozib, qayt qiladi. Ota-onasining aytishicha, ayol juda ko‘p ozdiruvchi dorilar, slim choylar ichgan ekan.

Shuning uchun ozdiruvchi dorilar haqida fikrim salbiy. Ozdiruvchi dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning maqsadi — biznes.

Ko‘pchilik ayollarimiz ozishni judayam xohlaydi-da, kim nima tavsiya qilsa, dorini so‘rab-surishtirmasdan ichaveradi. Har bir ichilgan dori ayol organizmga har xil ta’sir qiladi.

Ko‘p kuzatganman, ma’lum muddat ozib yurib keyin yana avvalgi holatiga qaytgan. Hatto undan-da ko‘proq semirib ketganlar bo‘lgan.

Ko‘pincha “bir oyda 10 kilogrammgacha ozdiramiz” degan e’lonlarga ko‘zimiz tushadi. Bunday e’lonlarga ishonish yaxshilikka olib kelmaydi. Birdagina 10 yoki 15 kilogramm vazn tashlash organizmni inqiroz holatga tushirib qo‘yadi. Odam kim nima desa ishonib ketavermasdan o‘zi ham ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

Bir narsani unutmaslik kerakki, tana qachon ozib, qachon semiradi, o‘zi biladi. Organizmga maqsadsiz ortiqcha dori-darmon berish boshqa kasalliklarga, xususan, psixik jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Inson organizmi, fiziologiyasi inqirozga uchradimi, psixikada ham istaysizmi, yo‘qmi, asabiylik, tajovuzkorlik, norozilik, yomon kayfiyat, ishchanlikning pasayishi kabi holatlar kuzatiladi. Bu, albatta, oilaviy nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Shoira Isoqova, psixolog

Foto: Google Images

Ozishning qanday samarali yo‘llari bor? Qanday tez va oson ozish mumkin?

Avvalo, hayot tarzini o‘zgartirish shart. Toki hayot tarzi o‘zgarmaguncha hech qanaqa dori ta’sir qilmaydi. Hayot tarzi deganda to‘g‘ri kun tartibiga amal qilish, vaqtida uxlash, fizik harakat, to‘g‘ri ovqatlanish, so‘ng esa organizmdagi nuqsonlarni bartaraf qilishdan iborat hisoblanadi.

Tez ozmoqchi bo‘lgan opa-singillarimizga mutaxassis sifatida tavsiyam, o‘zingizni seving, hurmat qiling. Chunki o‘zini hurmat qilgan inson o‘z sog‘ligiga e’tiborli bo‘ladi. Reklamalardagi ta’siri isbotlanmagan dorilardan o‘zini tiyadi. Albatta, mutaxassis shifokorlarga murojaat qilgan holda organizmdagi o‘zgarishlarni topib, shu bilan shug‘ullangan ma’qul.

Qat’iy kun tartibiga amal qilish va iste’mol qilayotgan ovqatlariga e’tiborli bo‘lishni tavsiya qilib qolaman.

Dilobar Ibrohimova, endokrinolog

“Ozishni avvalo ongimizdan boshlashimiz kerak”

Albatta, ayol ozishni istasa, mutaxassis endokrinologga murojaat qilishi kerak. Psixologga ham. Chunki uning ruhiy holati, mehnat faoliyati, temperamenti, muhiti o‘zgarishi kerak. To‘g‘ridan-to‘g‘ri organizmga ozish dasturi berish to‘g‘ri kelmaydi. Sababi, men ozishim kerak degan psixologik dastur paydo bo‘lmaguncha ozib bo‘lmaydi.

Ochmoqchi bo‘lgan ayol avvalo nima uchun semirganini tushunib yetishi kerak. Ba’zilar suv ichsam ham, ozgina ovqat yesam ham semiraman, deydi. Bu yerda endokrin va asab sistemasida o‘ziga xos muammolar bor. Bu ayolning psixologik holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Har bir ayol go‘zal qaddi-qomatga ega bo‘lishni xohlaydi. Buni ongimizdan boshlashimiz kerak. Ong dasturimizga to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy harakat haqida ma’lumot kiritsakkina niyatimizga erishamiz. Biroq organizmini xavfga qo‘yib, to‘g‘ri kelgan narsani ichishni tavsiya qilmayman. Buning asoratlari og‘ir bo‘lishi mumkin. Chunki bizning organizmlarimiz bizdan ko‘ra aqlliroq.

Shoira Isaqova, psixolog

Foto: “Unsplash.com”

Ozdiruvchi dorilar haqidagi afsonalar

Keling, sizga ozdiruvchi dorilarga ishonmasligingiz uchun yettita sabab keltirib o‘taman.

  • Salkam olti oydan beri Instagram’da ozdiruvchi dori sotayotgan ayollarni, uni reklama qilayotgan blogerlarni kuzatib kelaman. Ularning aytishicha, ozdiruvchi dorilarni ichayotgan paytda gazli ichimliklar, fastfud iste’mol qilmaslik shart ekan. Aslida bular odamni eng tez semirtiradigan mahsulotlar hisoblanadi. Gazli ichimliklar, fastfud iste’mol qilinmasa, o‘zi shundoq ham ozish mumkin-ku?

Lirik chekinish

Bitta odam o‘zining Ford Focus mashinasini sotishga bozorga olib chiqibdi. Mashinaga unchalik tushunmaydigan bir xaridor kelib qolib so‘ray boshlabdi.

- Bu qanaqa mashina aka?

- Bu Ford Focus.

- Qanaqa fokus ko‘rsatadi? — deganakan.

- O‘tir, ko‘rasan, — deb mashinaga chiqishibdi. Mashinaning egasi uyiga qarab haydabdi.

Mashinaning tezligi 200 ga chiqqanida xaridorga qarab:

- To‘g‘rimizdagi devorga 10 metr qolganda ko‘zingni yumasan, — deb devorga yaqinlasha boshlabdi. Devorga yaqin kelganda pult bilan devorga o‘rnatilgan garajning eshigini ochib, kirib ketibdi.

Boyagi xaridor ko‘zini ochsa, devorning uyog‘ida turishganakan. Qoyil qolib, mashinani olib, choyxonaga boribdi. To‘rt o‘rtog‘ini olib, ularga ham devorga 10 metr qolganda ko‘zini yumishini aytib, mashinani haydabdi. Mashina 200 tezlikda kelib devorga urilib, dabdala bo‘libdi.

Mashinada o‘tirganlar:

- Vaaaay, rasvo qilding-ku! — deyishsa, rulda o‘tirgan odam ko‘zini arang ochib:

- Qaysi biring ko‘zingni yummading? — degan ekan.

Bu latifani bekorga keltirmadim. Chunki dorilardan ozolmagan ayollar foyda bo‘lmaganini, pulini qaytarib berishini so‘rab, sotuvchiga yozsa, turli bahonalar bilan pulni qaytarib bermayotgan ekan. Bunday vaziyat Ayjamol Joldasbayevada ham kuzatilgan. Bu xuddi latifadagi ko‘zini yummagani uchun devordan o‘tolmagan sodda odamning aybloviga o‘xshaydi. To‘g‘rimi?

Foto: “Unsplash.com”

  • E’tibor bersangiz, ozdiruvchi dorilar kosmetika sotuvchilarida bo‘ladi yoki “O‘rikzor”dan arzonroq sotib olish mumkin. Dorilar ishonchli bo‘lganida, ular dorixonda sotilardi, qo‘lda emas.
  • Instagram’dagi sotuvchilarni kuzatsam, hozirgi kunda mashhur bo‘lgan ozdiruvchi dorilarning ba’zilari qora paketda qutisi alohida, plastinkasi alohida olib kelinarkan. Xuddi aylanma yo‘llar orqali olib kelingan tovarlarga o‘xshab. Endi aytdim, qo‘ydim-da!
  • Bir tanishim siz ozdiruvchi dorilarni yomon deyapsiz, lekin Instagram’dagi sotuvchilar dori haqida yaxshi izohlarini story’siga qo‘yyapti-ku, dedi. Shunchaki, ozgina o‘ylang! Axir kim o‘zi sotib turgan mahsulotini yomonlab, zarar ko‘rdim deb yozilgan izohlarni qo‘yadi?
  • Eng qizig‘i, maza qilib yeb yotaverarkansiz, lekin dori tufayli ozaverarkansiz. Qanday shirin yolg‘on-a? Orzuga ayb yo‘q. Ammo sportsiz, parhezsiz ozib bo‘lmaydi. Buni istagan mutaxassisingizdan so‘rashingiz mumkin.
  • Bu dorilar organizmingizga salbiy ta’sir ko‘rmasligiga kimdir kafolat beradimi? Agar jigaringizga yoki boshqa bir a’zoyingizga zarar bersa, sotuvchilar ko‘rgan zararingizni qoplab beradimi? Menimcha, yo‘q.
  • Mayli, siz aytganday bo‘la qolsin. 250 mingdan 400 ming so‘mga bir oyda 10 kilogrammgacha ozib bo‘lganida, butun dunyo aholisning 52 foizi ortiqcha vazndan qiynalarmidi?

Balki rostdan ham ozdiruvchi dorilardan naf ko‘rayotgan ayollar bordir oramizda. Ammo sog‘lig‘ingiz shunchaki tavakkal qiladigan arzon narsa emas.

Men sizga qo‘ldan kelgancha, har qanday ozdiruvchi dorilarning organizmga zararini isbotlashga harakat qildim. Samarali ozish haqida mutaxassislarning tavsiyalarini keltirdik. Hayot sizniki. Ozish zavqini ham joningiz  og‘rig‘ini ham bir o‘zingiz tortasiz. Xulosa o‘zingizdan.

Xonzodabegim A’zamova