Namanganda aholi 2022-yilga qadar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinadi. Bu haqda viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Alisher Abdulhodiyev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.

Alisher Abdulhodiyev.

Foto: “Daryo”

Abdulhodiyevga ko‘ra, viloyatda 800 ta avtobusga ehtiyoj bor, hozirda yo‘nalishlarga chiqarilayotgan avtobuslar soni esa 400 ga yaqin.

— Namangan shahri jamoat transporti bilan qamrab olingan, bu yerdan tuman markazlariga avtobuslar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan. Endigi maqsad tuman markazlarini qishloqlar bilan bog‘lash, — deydi u.

Transport boshqarmasi boshlig‘ining ta’kidlashicha, Namanganda 130 ta avtobus va 220 ta mikroavtobus xarid qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu transport vositalarini 2021-yil birinchi choragiga qadar olib kelish rejalashtirilmoqda.

Hozir bu borada banklar bilan muzokaralar olib borilmoqda.