Yong‘in sabab xususiy uylardan birining garajida yonib ketgan qimmatbaho avtomobillar kolleksiyasi sotuvga qo‘yildi, deb xabar beradi CARakoom.
Suratlarning birida 1970-yilda ishlab chiqarilgan Aston Martin V8 Vantage tasvirlangan. Uning kuzovidan deyarli hech narsa omon qolmagan, faqatgina kegayli klassik g‘ildirak diskalari qandaydir usul bilan yong‘inga “bardosh” bergan.
Shuningdek, suratlarda achinarli ahvolga kelib qolgan Porsche 911’ni ham uchratish mumkin. Kadrning o‘ng tomonida boshqa bir avtomobil ham yonib ketgani ko‘zga tashlanadi. Ushbu bitta kadrning o‘zida fojianing ko‘lami haqida tasavvur paydo bo‘ladi.
Navbatdagi suratlarning birida noyob Porsche 911 Turbo Targa’ni uchratish mumkin, u ham yong‘indan jabr ko‘rgan, biroq qolgan avtomobillardan ko‘ra kamroq.
Singer Vehicle Design tyuningiga ega Porsche 911 CARRERA 2’dan esa deyarli hech nima qolmagan. Kompaniya 964 shassili 911’lardan birinchi klassga oid restomodellarni tayyorlaydi. Ularni yaratishga oylab va yillab vaqt ketadi hamda ularning narxi 300 ming dollar atrofida. Avtomobilning yonib ketgan kuzovi esa 2100 dollar narxida sotuvga qo‘yilgan.
2000-yilda ishlab chiqarilgan BMW Z8 esa 160 ming dollar bo‘lib, hozirda u Copart auksioni orqali 275 dollarga sotilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida Florida shtatining Fort-Mayers aeroporti yaqinidagi karshering mashinalar (qisqa vaqtga ijaraga beriladigan avto) joylashgan avtoparkda chiqqan yong‘in sabab 3,5 mingta avtomobil yonib ketgandi.