Namangan viloyatida Cobalt 4 yoshli bolani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 28-sentabr kuni soat 19:30 larda Namangan–Mingbuloq yo‘lining 1-kilometrida, Namangan tumani “Ravnaq” MFY hududida Norin tumanida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan fuqaro Cobalt rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmagan.

Natijada yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda — Namangan tumanida ota-onasi qaramog‘ida yashovchi, 2016-yilda tug‘ilgan bolani urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda bosh miya og‘ir ochiq shikasti tashxisi bilan tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan 8-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.