Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 5-turida “Manchester Yunayted” 17-oktabr, shanba kuni “Nyukasl” mehmoni bo‘ldi.

Foto: Twitter

Uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq mezbonlar oldinga o‘tib olishga erishdi. Lyuk Shou jarima maydoniga uzatilgan to‘pni o‘z darvozasiga joylab qo‘ydi. 23-daqiqada Harri Maguayr burchakdan uzatilgan to‘pga boshi bilan zarba berib, hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘lim debyutida mehmonlar oldinga o‘tib olishi mumkin edi, biroq Brunu Fernandesh faoliyati mobaynida ilk bor penaltini golga aylantira olmadi.

So‘nggi daqiqalarga borib bosimni kuchaytirgan mankunianliklar yakunda natijani o‘z foydasiga o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. 86-daqiqada Brunu Fernandesh darvozaning olis burchagini aniq nishonga olgan bo‘lsa, asosiy vaqtning so‘nggi daqiqasida Aaron Uan-Bissaka o‘zining kuchli zarbasi bilan jamoasining uchinchi golini urdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Markus Reshford yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Ushbu g‘alabadan keyin ochkolarini 6 taga yetkazib olgan “Manchester Yunayted” 14-o‘ringa ko‘tarildi. “Nyukasl” (7) 11-pog‘onadan joy olgan.

APL

5-tur bahslari

17-oktabr, shanba

“Nyukasl” — “Manchester Yunayted” 1:4

Gollar: 1:0 – 2, avtogol Shou, 1:1 – 23 Maguayr, 1:2 – 86 Brunu Fernandesh, 1:3 – 90 Uan-Bissaka, 1:4 – 90+6 Reshford.

“Nyukasl”: Darlou, Kraft, Lyuis, Fernandes, Lassels, Heyden (Sher, 49), Shelvi, Sen-Maksimen, Hendrik (Almiron, 88), Joelinton (Freyzer, 72), Uilson.

“Manchester Yunayted”: De Xea, Lindelyof, Uan-Bissaka, Maguayr, Shou, Jeyms (van de Bek, 76), Maktominay, Mata (Matich, 90), Fred (Pogba, 69), Brunu Fernandesh, Reshford.

Ogohlantirishlar: Jeyms (37), Kraft (67).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!