Toshkent vaqti bilan 10-oktabr, shanba tongida Las-Vegas shahrida (AQSh, Nevada) professional boks musobaqasi tashkil etildi.
Unda professional boksning o‘rta vazn (-72,6 kg) toifasida harakat qilayotgan qozog‘istonlik Janibek Alimxanuli (9-0, 5 KO) argentinalik Gonsalo Koriyaga (16-4, 6 KO) qarshi ringga chiqdi.
2-raundda Alimxanulining ketma-ket zarbalaridan so‘ng dastavval Koriya nokdaun holatiga tushdi. Shundan so‘ng hujumni davom ettirgan Janibek raqibini chuqur nokaut holatiga tushirdi. Shu tariqa jang ikkinchi raunddayoq nihoyasiga yetdi. Bu qozog‘istonlik bokschining professional boksdagi 9-g‘alabasi bo‘ldi. Janibek ushbu g‘alabalardan 6 tasini nokaut evaziga qo‘lga kiritgan. Nokaut videosini bu yerda tomosha qilish mumkin: video.
Ma’lumot uchun, Janibek Alimxanuli havaskor boksda Jahon va Osiyo chempioni hisoblanadi. 2015-yil Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyev chorak finalda Janibek Alimxanulini musobaqadan chiqarib yuborgandi. Ta’kidlash joiz, Bektemir ayni damda professional boksda super o‘rta vazn toifasida (-76,2 kg) harakat qilmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!