Jurnalist, aktrisa va xonanda Iroda Nosirova “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Iroda Nosirova suhbat davomida kinoda taqiqqa uchrashi sababini ma’lum qildi.

Buni taqiqlar zanjiri desa ham bo‘ladi. O‘sha vaqtlarda deyarli faqatgina davlat telekanallari faoliyat yuritar edi, xususiy kanallar deyarli yo‘q edi. Televideniyeda barcha eshiklar men uchun yopilganidan so‘ng kinolarda rol ijro qilishga rozi bo‘lganman. Uch-to‘rtta filmda rol ijro etdim. O‘shanda ham o‘zimga mos bo‘lgan rollarni tanlab ijro etishga harakat qildim.

U vaqtlarda filmlarning ilk taqdimoti, ya’ni premyeralar juda ham dabdabali bo‘lardi. Premyeralarning birida oldimga o‘sha vaqtdagi kino rahbarlaridan biri kelib, ‘Irodaxon, sizning muxlisingizman, siz ko‘proq filmlarda chiqishingiz kerak, sizga yordam beraman, shu sohada falon kresloda o‘tiraman’, dedi.

Ertasi kundan menga rejissorlar telefon qilib, ‘Rasmlaringizni olib keling, sinovlarga keling’, deyishdi. Fotosinovlarga borib, hattoki sinovlardan ham o‘tdim. Bir-ikki kundan so‘ng haligi odam kechqurun telefon qilib, ‘bir joyga kelib keting, Irodaxon’, dedi. ‘Nima gap?’, desam, ‘sizni akalarim bilan tanishtiraman’, dedi. U odam ular bilan garov o‘ynagan ekan. Bormadim. Bormayman deb qat’iy aytganimdan so‘ng sensirashga o‘tib, ‘Sen ertaga kinoda rol ijro etishingni o‘ylab ko‘rgin, kinoning ostonasidan qadam bosmaysan’, dedi. ‘Qo‘lingizda osmon bo‘lsa, tashlab yuboring’, dedim. Qo‘lida kino bor ekan, tashlab yubordi.

Ertasi kuni fotosinovlaridan o‘tgan rejissorlarim telefon qilib, ‘sizni bizga taklif qilgan odam zapret qildi, nima bo‘ldi o‘zi, tinchlikmi?’, deb so‘rashdi. ‘Hammasi joyida, zapretlar meni qo‘rqitmaydi’, dedim.

Xullas, vaqtlar o‘tib u odamning o‘zi ham rahbarlikdan ketdi. Undan keyin bir-ikkita filmlarda suratga ham tushdim. O‘sha vaqtlarda bir rejissor meni yangi bir loyihasiga taklif qildi. Film ssenariysi aynan men uchun yozilgan edi. Hammasi tayyor bo‘lib, rolga kirishib, kiyimlar tikilganidan so‘ng ‘Iroda bir homiy bor, u shu filmga pul tikmoqchi, hattoki tikkan pulini ham qaytarib olmas ekan, faqat u xohlagan qizni bosh rolda o‘ynatishim kerak ekan’, dedi. O‘zimni shu rolda tasavvur qilib, shu rolda yashaganman. ‘Agar sen mening yonimda bo‘lsang, menga hech nima kerak emas, biz bu narsalarni birgalikda yengib o‘tamiz’, dedi, ‘Shart emas, rahmat, yo‘lingizda davom eting’, deb ketdim.

Shu bilan kinodan ko‘nglim sovib ketdi. Bu hamma rejissorlarga tegishli emas. Men ijodini ham, o‘zini ham hurmat qilgan rejissorlar juda ham ko‘p. Ketma-ket bo‘lgan shunaqa holatlar ko‘nglimning sovishiga sabab bo‘ldi. Keyin kinodan ham uzoqlashishga majbur bo‘ldim.

Iroda Nosirova, jurnalist, aktrisa, xonanda

Ma‘lumot uchun, Iroda Nosirova faoliyatini “Davr” informatsion dasturida sport sharhlovchisi sifatida boshlagan. “Alvido”, “Omad”, “Janob hech kim” kabi filmlarda bosh rollarni ijro etgan. Xonanda sifatida “Kel” deb nomlangan qo‘shig‘i muxlislar orasida ommalashgan. Iroda Nosirova 18 yillik norasmiy taqiqlardan so‘ng 2020-yildan Zo‘r TV kanalida jurnalist, boshlovchi sifatida faoliyatini boshladi.