“Liverpul” “Vulverhempton”dan hujumkor yarim himoyachi Diogu Jotani sotib oldi. Bu haqda Mersisayd klubi rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: Twitter/@LFC

Klub xabariga ko‘ra, Jota bilan uzoq muddatli shartnoma imzolangan. Shartnoma tafsilotlari ochiqlanmagan.

Ammo ingliz nashrlari Jotaning “Liverpul” bilan 2025-yil 30-iyuniga qadar bitim tuzganligini ma’lum qildi. Shuningdek, “Liverpul” Jota uchun “bo‘rilar” g‘aznasiga 43 million yevroni o‘tkazib beradi.

23 yoshli Jota katta futboldagi faoliyatini “Pasush de Ferreyra” klubida boshlagan. 2016-yilda Madridning “Atletiko”si Jota bilan besh yillik shartnoma tuzgan va shu zahoti uni “Portu”ga ijaraga bergan. Bir yillik ijaradan so‘ng 2017-yilda “Vulverhempton”ga o‘tgan. Yana ijara asosida. 2018-yil yozida esa “bo‘rilar” Jotaning transfer huquqini “Atletiko”dan 12,5 million funtga sotib olgandi. Jota “Vulverhempton” safida jami 67 ta o‘yinda qatnashib, 16 ta gol urgan.

Mavzuga doir: “Liverpul” Tiago Alkantara transferini e’lon qildi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!