Toshkent shahridagi umumta’lim muassasalarida ta’lim jarayonlarini bosqichma-bosqich boshlash maqsadida, 14-sentabrdan boshlab 139 ta maktab o‘z faoliyatini boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Toshkent shahar XTBB matbuot xizmatining xabar berishicha, 15-sentabrdan boshlab Shayxontohur tumanidagi 40, 262-sonli maktablarda an’anaviy o‘quv jarayoni koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.

Qayd etilishicha, 16-sentabr holatiga Toshkent shahridagi 318 ta umumta’lim muassasalaridan 137 tasi an’anaviy tarzda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Poytaxtdagi boshqa umumiy o‘rta ta’lim maktablari sanitar va tibbiy tayyorgarligi holatidan kelib chiqib, o‘z faoliyatini an’anaviy tarzda boshlagunga qadar onlayn tarzda, ya’ni “Onlayn-maktab” loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali dars mashg‘ulotlarini amalga oshiradi.

“Fursatdan foydalanib, yana bir bor ota-onalardan mazkur jarayonga mas’uliyat bilan yondoshishlarini, an’anaviy shaklda faoliyatini boshlayotgan maktablar jamoasidan sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish, farzandlarimiz va yaqinlarimiz salomatligini saqlashlarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 14-sentabrdan boshlab yana ochilib, an’anaviy ta’lim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan maktablar soni 2635 tani tashkil etdi. Aksariyat maktablarda an’anaviy ta’lim oktabr oyiga qadar tiklanishi kutilmoqda. Bunda maktablarni ochish haqidagi qaror individual tarzda joylardagi haqiqiy holat hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq, mahalliy kengashlar deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.