Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatga ishlash uchun keladigan migrantlar uchun yagona avans solig‘i joriy etishni taklif qildi. Bu haqda vazirlik tomonidan tayyorlangan migratsiya masalalari bo‘yicha yangi qonun loyihasi konsepsiyasida qayd etilgan, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Mazkur tashabbus doirasida bu turdagi soliqni to‘lash uchun elektron patent rasmiylashtirish talab qilinadi. Migrantlarni ishga yollashni xohlovchi ish beruvchilar (jismoniy, yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tadbirkorlar) shaxsiy kabinetda ro‘yxatdan o‘tishi va maxsus shaklni to‘ldirishi lozim bo‘ladi.

Ro‘yxatdan o‘tilganidan so‘ng, xorijlik ishchini yollagan ish beruvchilarni reyestrga qo‘shish to‘g‘risidagi arizani elektron ko‘rinishda tizimdagi yuklashi kerak.

Shuningdek, qonun loyihasida chet elliklarning ishlash shartlarini aks ettirish taklif etilmoqda: masalan, mazkur toifadagi ishchilar uchun mintaqadagi o‘rtacha ish haqiga mos maosh, Rossiya qonunlarini buzganlik uchun to‘lanmagan jarimalarning yo‘qligi.

Konsepsiyaga ko‘ra, avans solig‘i ko‘rinishidagi daromad solig‘i to‘lanmagan taqdirimda migrantlarga soliqni 15 kun ichida to‘lash talab qilingan xabarnoma yuboriladi. Soliqni to‘lamaganlarga Rossiyada ishlash taqiqlanishi va mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkin.

Shuningdek, IIV Rossiyada 30 kundan ortiq vaqt davomida bo‘lgan barcha migrantlarga barmoq izlari, fotosurat, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va ID-kartalarni olish majburiyatini yuklamoqchi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Rossiyada migrantlarni ro‘yxatga olish va ularni ogohlantirishga mo‘ljallangan platforma yaratilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sentabrdan boshlab esa Rossiyada chet elliklarga o‘z uylarida migrantlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berildi.