Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida fransiyalik mutaxassislar Aleksey Navalniy “Novichok” guruhiga kiruvchi asab tizimini falaj qiladigan modda bilan zaharlangani haqidagi germaniyalik mutaxassislarining xulosasini tasdiqlaganini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Suhbat chog‘ida Makron Navalniyga suiqasd qilingani bilan bog‘liq vaziyatga zudlik bilan oydinlik kiritishga chaqirgan. U Rossiya tomonidan ishonchli va shaffof tergov doirasida tushuntirish berishni talab qilgan.
Kreml tomonidan ma’lum qilinishicha, suhbat Fransiya prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilgan va “Aleksey Navalniy ishi” bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilingan. “Vladimir Putin ushbu vaziyat bo‘yicha Rossiya tomonining asossiz ayblanishi noo‘rinligini ta’kidladi”, — deyiladi Kreml xabarida.
Putinning Makronga aytishicha, bo‘lib o‘tgan hodisaning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun Germaniya Rossiyaga Navalniyning biomateriallarini, shuningdek, undan olingan tahlil natijalari bo‘yicha rasmiy bayonotni taqdim etishi kerak. Bundan tashqari, Putinning fikricha, germaniyalik mutaxassislar rossiyalik shifokorlar bilan hamkorlikda ishlashi kerak.
Germaniya hukumati 14-sentabr kuni Fransiya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar Navalniyning organizmida “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bo‘lganini tasdiqlagan.
Avvalroq Aleksey Navalniy zaharlanganidan so‘ng to‘liq o‘ziga kelgani, Germaniya Navalniyning zaharlanishiga oid ma’lumotlarni Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotiga yuborgani haqida xabarlar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2-sentabr kuni Germaniya hukumati Navalniy Rossiyada “Novichok”ga o‘xshash modda bilan zaharlanganini ma’lum qilgan. Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya hukumati Navalniy zaharlanishi bilan bog‘liq jiddiy savollarga javob berishi kerakligini aytdi. Muxolif siyosatchiga qilingan suiqasd Buyuk Britaniya, AQSh va Fransiyani ham g‘azablantirdi. London Navalniyga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llanilishini “ablahona ish” deb atadi. Vashington aybdorlarga nisbatan moliyaviy cheklovlar qo‘llashga va’da berdi.
Izoh (0)