Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etiladi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: O‘zA

Qayd etilishicha, Prezidentning “Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilingan.

Qarorga ko‘ra quyidagilar belgilangan:

a) Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyoti banki bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida maktablar qurilishi, ta’mirlanishi, jihozlanishi va texnik xizmat ko‘rsatilishiga xususiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirish taklifiga rozilik beriladi;

b) Toshkent shahar hokimligi va Toshkent viloyat hokimligi davlat-xususiy sheriklik asosida maktablarni tashkil etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalariga:

  • Toshkent shahri hududidagi yer maydonlarini;
  • Toshkent viloyati hududidagi (ekin) yer maydonlarini ajratadi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat maktablarini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlanadi.

Ishchi guruhga:

  • loyiha yuzasidan tegishli qarorlarni qabul qilish;
  • er maydonlarining o‘rni va maydoniga o‘zgartirishlar kiritish;
  • loyiha asosida maktablarni tashkil etish, zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi, metodik qo‘llanmalar va boshqa vositalar bilan ta’minlash, shuningdek, ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy loyihalar va me’yorlarni tasdiqlash;
  • davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tuzish huquqi bo‘yicha tender g‘olibini aniqlash uchun tender komissiyasi tarkibini tasdiqlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Xalq ta’limi vazirligining buyurtmanomalariga asosan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila a’zolari uchun ko‘p martalik kirish vizalariga konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini hamda O‘zbekistondagi vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish muddati uzaytirilishini ta’minlaydi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini ta’minlash uchun olib kelinadigan uskunalar, kompyuter texnikasi, o‘qitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari hamda qurilish materiallari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar 2024-yil 1 yanvargacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etiladi.