UEFA prezidenti Aleksander Cheferin koronavirus pandemiyasi tashkilot faoliyatiga qanday ta’sir qilgani haqida gapirdi.

Foto: UEFA

“Tabiiyki, so‘nggi oylar barcha uchun ulkan mavhumlik fursati bo‘ldi. Men va oilam haqida gapiradigan bo‘lsam, bu vaqt ichida biz yanada yaqinlashdik.

Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng uzun tanaffus? Keling yodga olamiz, koronavirusdan farqli o‘laroq Ikkinchi jahon urushi vaqtida futbol butkul to‘xtab qolmagan. Professional nuqtai nazardan men katta bosimni his qildim, ko‘plab og‘ir ishlar bo‘ldi. Biroq baxtimizga futbol butun Yevropaga qaytmoqda va bundan xursandman.

Ba’zi narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keldi. UEFA milliy chempionatlarni iyul oyi so‘nggiga qadar tugatib olish uchun o‘zining musobaqalari bir qismini qurbon qildi. Avgust oxirida 2019/20-yilgi mavsum Yevrokuboklarining qolgan qismini o‘tkazib olamiz. Ligalar bunga rozi bo‘ldi. Ular sentabr oyidagi terma jamoa o‘yinlari vaqtida ham hamfikrlilik namoyish qiladi degan umiddaman.

UEFA, milliy assotsiatsiyalar, klublar va ligalar birdamlikda harakat qildi. Bu qabul qilingan qarorlardan ham ko‘rinib turibdi”, — deydi Cheferin.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi yakunlariga borib Yevropaning deyarli barcha milliy chempionatlari koronavirus sabab to‘xtab qoldi. Fransiya, Niderlandiya va Belgiya kabi milliy chempionatlar muddatidan avval yakunlandi. May oyining ikkinchi yarmidan boshlab ligalar restart ola boshladi va hozirga kelib barchada mavsum yakunlanish arafasida.

UEFA 2020-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yevropa Chempionatini bir yil keyinga qoldirdi, Millatlar Ligasi bahslari va turli yosh toifalaridagi musobaqalar ham qoldirildi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!