Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi viloyat ftiziatriya va pulmonogiya markazi xodimlarida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini rasman tasdiqladi.

Foto: “Daryo”

Avvalroq markaz xodimi Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, o‘zi faoliyat olib borayotgan shifoxonadagi ayrim xodimlarda infeksiya aniqlangan bo‘lsa-da, hech qanday chora ko‘rilmayotganini aytib o‘tgandi.

Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu murojaatdan keyin o‘rganish va surishtiruv o‘tkazgan.

Boshqarma bayonotiga ko‘ra, tegishli mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganish va surishtiruv ishlari haqiqatan ham mazkur tibbiyot muassasasining reanimatsiya bo‘limida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining ayrimlarida koronavirus infeksiyasining dastlabki holatlari qayd etilgani o‘z tasdig‘ini topgan.

“Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 2020-yil 23-iyundagi 132-sonli buyrug‘iga asosan, Navoiy viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining reanimatsiya bo‘limi karantinga yopilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘riqqa olingan”, — deya ma’lum qilgan Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

Markazda faoliyat olib borayotgan boshqa barcha tibbiyot xodimlari, bemorlar hamda ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgan fuqarolar umumiy nazoratga olinib, karantin tartibi qat’iylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 1-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, Navoiy viloyatida jami 283 ta kasallanish holati qayd etilgan, shu vaqtgacha 240 nafar bemor tuzalib chiqqan. 2020-yil 2-iyul kuni soat 10:00 hamda soat 17:00 holati bo‘yicha e’lon qilingan SSV ma’lumotlarida Navoiy viloyatida yangi kasallanish holati aniqlangani bayon etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 28-iyun, yakshanba kuni Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazida xizmat ko‘rsatish uchun safarbar etilgan shifokor Alisher Uralov koronavirusga chalinib, miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar bergan.

30-iyun kuni marhum shifokorning qizi Shahnoza Hasanova otasi salomatligi imkon bermasa ham karantin markaziga majburan jo‘natilganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov marhum shifokorning xonadoniga 1-iyul kuni ko‘ngil so‘rab bordi. Keyinchalik Alisher Uralovning oilasiga 250 million so‘m miqdorida kompensatsiya to‘langani xabar qilindi.