“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
12:27, 30.06.2020 25540

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi

29-iyun kuni Turkmaniston va O‘zbekiston san’at va madaniyat sohasi vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

Madaniyat vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi va rasmiy tarzda masofadan topshirildi.

Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

Turkmanistonning ushbu yuksak unvoni bilan Ozodbek Nazarbekov ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik, qo‘shiq va musiqa san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti, Qoraqalpog‘iston xalq artisti unvonlari bilan taqdirlangan.

Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

Ozodbek Nazarbekov Turkmaniston davlat rahbariga o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildirarkan, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda san’at va madaniyatning roli nechog‘lik muhim ekanini ta’kidladi:

“Ikki davlat do‘stlik aloqalarini mustahkamlash uchun kamtarona qilgan mehnatimiz yuqori darajada baholanganligi uchun hurmatli Gurbanguli Malikguliyevich, sizga, qardosh turkman xalqiga chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildiraman.

Ushbu faxriy unvon berilishi, xalqlarimiz o‘rtasida madaniyat sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida shijoat bilan mehnat qilishimizga kuch beradi”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov Gurbanguli Berdimuhamedovni 63 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabrikladi.

Sovg‘a tariqasida Turkmaniston xalq artisti Dilbar Rahmonova bilan birgalikda “Barigal” qo‘shig‘i taqdim etildi, deyiladi xabarda.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar