O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga munosabat bildirdi.

Foto: O‘zA

Yangi O‘zbekistonimizda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Boy madaniy merosimizni tiklash va o‘rganish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar, yangi ijodiy maktablar, ilmiy markazlar tashkil etilayotgani, iste’dodli yoshlarimizning iqtidorini yuzaga chiqarishdagi amaliy sa’y-harakatlar bunga yaqqol misoldir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 26-maydagi ‘Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi farmoni hamda ‘O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi qarori madaniyat va san’at sohasida haqiqiy ma’noda renesans-uyg‘onish davri boshlanganidan darak beradi.

Bungacha ham ushbu sohaga oid bir qator qonunchilik hujjatlari qabul qilingan. Ammo Prezidentimizning yangi farmoni va qarori chin ma’noda ijodkorlar, soha vakillarining haq-huquqlarini himoya qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Tarixan madaniyati yuksak xalqimizning, ayniqsa, Olot va Qorako‘ldagi tabiiy ofat va Sardobadagi fojiadan so‘ng yana ham birlashib, o‘zbek millatining madaniyatli va birdamligini, mustahkam, ma’naviy dunyosi keng ekanini namoyon etganini butun dunyo ko‘rdi.

Bilamizki, har bir jabhada yoshlar masalasiga katta e’tibor bilan yondashiladi. Mazkur hujjatlar asosida madaniyat va san’at sohasida ijod qilayotgan yoshlardan konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘im bekor qilinishi, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma tartibi joriy etilishi ham san’atkorlar uchun berilgan katta imkoniyatdir.

Bugun yangi O‘zbekistonda madaniy yuksalishga alohida urg‘u berilyapti. Boy milliy madaniy merosimizni, ayniqsa, noyob eksponatlar, durdona asarlar, milliy hunarmandchilik namunalarimizni muzeylarimiz orqali dunyoga namoyon etmoqdamiz. Qolaversa, har oyning birinchi yakshanbasi muzeylarda “Ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilinishi, unda fuqarolar davlat muzeylariga bepul kiritilishi xalqimizning ilm-ma’rifat orqali madaniyatini kuchaytirish, boy merosimizni targ‘ib qilishga qaratilgan.

Teatrlar faoliyatida ham muhim, e’tiborga molik o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Xususiy teatrlarni, teatr-studiyalarni rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tariladi. Ushbu hujjatlar bilan Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni 2020-yilning 1-sentabridan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat berildi.

Shu o‘rinda 1928-yilda Toshpo‘lat Doniyorov asos solgan O‘rta Osiyoda birinchi qo‘g‘irchoq teatri truppasi negizida tashkil topgan Respublika qo‘g‘irchoq teatriga O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri nomi berilgani, qo‘g‘irchoq teatri mavjud bo‘lmagan viloyatlarda ushbu teatrlarning tashkil etilishi ham juda ahamiyatlidir.

Insoniyat tarixidan ma’lumki, teatr butun bir jamiyatni tabiyalovchi sifatida o‘ziga xos ahamiyat kasb etib kelgan. Bugungi kunda teatrning millat tarbiyachisi degan nufuzini tiklash borasida bu soha faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor teatrlar yangi bosqichda, keng qamrovda taraqqiy etishiga zamin yaratadi.

Shu kunga qadar mamlakatimizda barcha soha vakillari uchun kasb bayrami kunlari belgilangan. Ammo xalqaro miqyosda 15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida nishonlansa-da, bizda rasman qayd etilmagan edi. Farmonga ko‘ra, madaniyat va san’atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15-aprel sanasini O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida aniq takliflar ilgari surildi. Mazkur sohada faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlardan tortib, har bir ijodiy va texnik xodimlarning kasb bayrami sifatida ushbu kunni nishonlashi bizning ishchanligimizni, fidoyiligimizni, ijodda sermahsulligimizni yanada oshiradi.

Zero, e’tibor va e’tirof bizni har qanday oliy mukofotdan ko‘proq ruhlantiradi. Biz madaniyat va san’at vakillariga ishonch bildirib, mas’uliyat va burchimizni sidqidildan bajarishimizga undayotgan, keng imkoniyatlar yaratib berayotgan muhtaram yurtboshimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Hukumatimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun qat’iyat bilan bor kuchimizni safarbar qilib, madaniyatli xalq, jamiyat va davlat sifatida dunyoga ibrat bo‘lgulik yuqori marralarni, albatta, zabt etamiz.

Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston madaniyat vaziri