O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda har oyning birinchi yakshanbasida davlat muzeylariga kirish bepul bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Farmonga muvofiq, 2020-yil sentabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilindi. “Ochiq eshiklar kuni”da fuqarolar davlat muzeylariga bepul kiritiladi.

Hujjatga ko‘ra, 2020—2025-yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharda tarix va madaniyat davlat muzeylarining filiallari shaklidagi o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etiladi.

Farmon bilan 15-aprel “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni” deb e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida Toshkent shahri muzeyi, “G‘alaba bog‘i”da esa “Shon-sharaf” muzeyi ochilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda 22-maydan “sariq” va “yashil” hududlarda karantin sababli yopilgan muzey va san’at galereyalari faoliyatiga ruxsat berildi.