Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumanidagi suv bosgan dalalarni tiklash ishlari boshlandi. Shu maqsadda O‘zbekistonning Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan 40 ta maxsus texnika va 243,6 tonna chigit keltirildi, deb xabar bermoqda Kazinform.

Foto: Kazinform

Qayd etilishicha, O‘zbekistondan keltirilgan texnikalarning 15 tasi chizel agregati, 11 tasi qatorlararo kultivatorlar, 14 tasi esa ekish moslamasi bo‘lib, hozirda ushbu texnika va mutaxassislar suvi tortilgan aholi punktlarida fermerlarga yordam berib, paxtasini ekib bermoqda.

Masalan, J.Nurlibayev ovul okrugi Qaraqir qishlog‘idagi “Jamanqul” fermer xo‘jaligi 7 gektar maydonda o‘zbek texnikalari yordamida paxta ekdi. “O‘zbek texnikalari yordamida suv bosgan 7 gektar maydonga paxta ekdim. Qo‘shni birodarlar nafaqat uskunalar, balki yonilg‘i-moylash materiallari bilan ham ta’minlashdi. Shubhasiz, bu biz kabi fermerlarga, yo‘qotishlarni boshdan kechirayotganlarga juda katta yordamdir”, — deydi fermer xo‘jaligi a’zosi Jandas Saparxan.

Eslatib o‘tamiz, toshqin oqibatida Maqtaaral tumanida jami 7,5 ming gektar ekin maydoni zarar ko‘rgan. Shundan 5035 gektari Janajol ovul okrugiga tegishli. Ushbu ekin maydonlariga ishlov berish uchun 24-may kuni O‘zbekistondan maxsus texnikalar yuborilgandi.

O‘zbekiston texnikalarining aksariyati shu ovul okrugiga tarqatiladi. Bundan tashqari, Yenbekshi qishloq okrugining Jana Turmis va Jantaqsay ovullaridagi 113,31 gektar ekin maydonini qayta ishlash uchun ham o‘zbek texnikalari ajratildi. Shuningdek, J.Nurliboyev ovul okrugining Qaraqir qishlog‘ida 61,8 gektar maydonga qayta paxta ekilmoqda.

“Qo‘shni davlatdan keltirilgan texnikaga bo‘lgan talab kundan kunga oshmoqda. Dehqonlar suv bosgan dalalarga may oyida paxta ekib bo‘lish kerakligini bilishadi. Shuning uchun ular dalalarini qayta tiklash uchun kechayu kunduz mehnat qilmoqda”, — deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Jarqinbek Mirzaliyev.