Tayvanlik olimlar tomonidan yaratilgan COVID-19’ga qarshi vaksinalar kuzda odamlarda sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Tayvan administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Uilyam Layga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Uilyam Lay 22-may kuni Chjunan shahridagi Sog‘liqni saqlash ilmiy-tadqiqot davlat institutidagi (NHRI) laboratoriyaga tashrif buyurib, bevosita virusni tadqiq qilish va vaksina yaratish ustida ish olib borayotgan mutaxassislar bilan suhbatlashgan.

“Vaksina yaratish borasidagi tadqiqotlar yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni tushunish uchun Sog‘liqni saqlash ilmiy-tadqiqot davlat instituti va vaksina ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdim, odamlarda sinovlar joriy yilning kuzida boshlanadi”, — deb yozadi Lay o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, NHRI mutaxassislari orol hukumatiga 2003-yilgi atipik pnevmoniya (SARS) va 2005-yilgi parranda grippi epidemiyasi vaqtida sezilarli darajada yordam ko‘rsatgan.

Avvalroq AQShning Moderna kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari birinchi fazasi ijobiy natijalar bilan tugayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, AQShda koronavirusga qarshi DNK-vaksina sinovdan o‘tkazildi. Buyuk Britaniyada ham koronavirusga qarshi vaksina qachon ishlab chiqarilishi e’lon qilingan.