Tailanddagi Chulalongkorn universitetida tayyorlangan va sichqonlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani AQSh hamda Kanadada ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda, keyingi bosqich – emlashni odamlarda test qilish, deb yozmoqda Nation Thailand nashri.

Foto: Nation Thailand

“Bangkokdagi Chulalongkorn universitetida ishlab chiqilgan vaksina COVID-19 kasalligini chaqiruvchi virusga qarshi 1:3000 birlikda antitana ishlab chiqaradi. Natija AQShning Pensilvaniya shtati universitetidagi testlarda ham tasdig‘ini topgan”, – deya bayonot bergan Tailand ilm-fan vaziri Suvit Mesinsi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga qarshi vaksina sinovlari, asosan, sichqonlarda o‘tkazilgan, lekin kelasi haftadan eng qadimgi oliygohlardan biri bo‘lgan Chulalongkorn universitetida vaksinani maymunlarda sinash ishlari boshlanadi.

“Bir vaqtning o‘zida AQSh va Kanadada Tailand vaksinasining ommaviy ravishda ishlab chiqarish texnologiyasi yaratiladi. Shundan keyin vaksina ko‘ngillilarda test qilina boshlaydi”, – degan Mesinsi.

U shuningdek Tailandda vaksinani ommaviy ravishda ishab chiqarish bilan xorijdan tayyor texnologiyalarni olgan Bionet Asia firmasi shug‘ullanishini ma’lum qilgan.

Mesinsining so‘zlariga ko‘ra vaksina odamlarda sinab ko‘rilganidan keyin uni ommaviy ravishda ishlab chiqarish va Tailandda zaruratga ko‘ra foydalanish imkoniyati 2020-yil oxirida paydo bo‘lishini taxmin qildi.

O‘z navbatida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davlat markazi rasmiy vakili Txavisin Visanuyotxin Chulalongkorn universitetining olimlari ishlab chiqqan vaksina kelasi yili ommaviy foydalanishga tayyor bo‘lishini bildirgan.