Internetda HTC kompaniyasining yangi naushnigi suratlari paydo bo‘ldi, u tashqi ko‘rinishi bilan boshqa markadagi naushniklarni yodga soladi, deb yozadi Medialeaks.

Foto: Mobile review

O‘z vaqtida Apple kompaniyasining asoschisi Stiv Jobs Pikassodan iqtibos keltirgan edi: “Yaxshi rassom nusxa ko‘chiradi, buyuk rassom esa — o‘g‘irlaydi”. Bu safar Apple o‘z dizayni bilan bo‘lishishga to‘g‘ri kelgan ko‘rinadi.

Tayvanning HTC kompaniyasiga tegishli yangi naushniklarning suratlari 18-may kuni Android Police portalida paydo bo‘lgan. U Ear nomini olgan mahsulot agarda Apple’ning AirPods naushniklarining xuddi o‘ziga o‘xshamaganida bu qadar ko‘pchilikning e’tiboriga tushmagan bo‘lardi.

Foto: Android Police

HTC hatto naushnikning quvvatlantirish g‘ilofini ham ko‘chirgan. G‘ilofdagi yagona farq — uning ochilishida. Hozircha HTC mahsulotining narxi va texnik tavsifi haqida ma’lumotlar yo‘q.

Foto: Android Police

O‘z vaqtida Apple asoschisi Stiv Jobs ham boshqalardan ko‘chirgan. Xususan, 1979-yilda Xerox kompaniyasi markaziga tashrifidan so‘ng, Jobsning jamoasi o‘zining Macintosh’i uchun grafik interfeysni yaratgan edi. Bunda ular Xerox’da “kuzatgan” texnologiyalarga asoslangan. Stiv Jobsning o‘zi esa Xerox’dan o‘g‘irlagani borasidagi ayblovlarga “buyuk g‘oyalarni o‘g‘irlashga hech qachon uyalmaganman” deya javob qaytargan.