Qayta tiklanuvchi energiya manbalari O‘zbekistonda hali to‘la foydalanilmayotgan ulkan rezervlardan biri. Bu masalaga Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda e’tibor qaratilgan.
“Albatta, bu yo‘nalish boshida katta xarajat talab qiladi. Lekin bu kelajakda tabiiy gaz va neft tanqisligini hal qilish, iste’molchilar uchun esa sarf-xarajatlarni kamida 2 barobar tejash imkonini bersa, o‘zini oqlaydi”, — deya qayd etmoqda Prezident matbuot xizmati.
Misol uchun, agar 150 mingta xonadonga quyosh panellari va suv isitish tizimlari o‘rnatilsa, yiliga 319 million kub metr tabiiy gazni tejasa bo‘ladi.
Yig‘ilishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish, qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, jahon tajribasi asosida iste’molchilarga qo‘shimcha shart-sharoit yaratish muhimligi ta’kidlangan.
“Sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish, viloyatlarda quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari qurishga doir masalalar ko‘rib chiqildi”, — deyiladi rasmiy axborotda.