G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimini tark etdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

“Fidoyi xizmatlari uchun viloyat hokimi Sa’dulla Boboqulovga rahmat aytib, salomatligini tiklab, tez orada safimizga qaytishiga tilak bildirdi” — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, G‘uzor tumani hokimi viloyat hokimi Zoir Mirzayevdan birinchi hayfsan olgan hokim hisoblanadi. Zoir Mirzayev Sa’dulla Boboqulovni saylovga tayyorgarlik ko‘rishda yo‘l qo‘ygan xatosi uchun hayfsan bergandi. Viloyat hokimi, shuningdek, Sa’dulla Boboqulovni odamlar bilan muloqot qilolmaslikda ayblagandi.

Sa’dulla Boboqulovning Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudi raisi Sattor Aqanov bilan suhbati internetda tarqalgach, hokim “Daryo” muxbiriga “Hokimlar qarg‘aga o‘xshab qoldik” degandi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Viloyat hokimligining qo‘shimcha qilishicha, tuman prokurori lavozimida faoliyat yuritgan Bekzod Suyunov tuman hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.