Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus qayd etilgan fuqarolarning doimiy yashash manzillari bo‘yicha hududlar kesimida kasallanish holatlarini e’lon qildi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra 147 nafar bemor Toshkent shahridan bo‘lsa, 71 nafari Andijon viloyatidan. 42 nafar namanganlik fuqarolarda ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

29 nafar bemor Toshkent viloyatidan, 24 nafari Farg‘ona va 21 nafari Samarqand viloyatidan. Qashqadaryolik bemorlar soni 17 nafarni tashkil etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy istiqomat qiluvchi 11 nafar fuqarolarda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Buxoro viloyatidan 8 nafar, Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridan 5 nafardan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridan 4 nafardan koronavirus bemorlari aniqlangan. 2 nafar bemor Jizzax viloyatida doimiy istiqomat qiladi. Ushbu ro‘yxat bemorlarning doimiy yashash manzillari bo‘yicha tuzilgan.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Toshkent viloyatida yashovchi koronavirusga chalingan shaxs o‘zida kasallik belgilari bo‘lishiga qaramay, jamoat joylariga borib, 52 kishiga kasallikni yuqtirganini aytib o‘tgan edi. Keyinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi vazirning ushbu gapini “og‘zaki anglashilmovchilik” deb atadi.

Ma’lumot uchun, 6-aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni 457 nafarga yetdi (ularning ikki nafari vafot etgan, 30 nafari sog‘aygan). Bemorlar soni 6-aprel kuni 115 nafarga ko‘paydi — bu O‘zbekiston uchun bir kunda aniqlangan bemorlar soni bo‘yicha rekord bo‘ldi.