Sirdaryo viloyatida karantin qoidalarini buzgan va IIB xodimlarini haqorat qilgan fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Sirdaryo IIB axborot xizmati xabar qilgan.

Foto: “Daryo”

Xabarga ko‘ra, karantin e’lon qilinganiga qaramasdan 3-aprel kuni soat taxminan 00:50 larda Sirdaryo tumanidagi “Sindarobod” mahallasi hududida joylashgan blokpostga fuqaro U.N. o‘ziga tegishli Nexia rusumli avtomashinada niqobsiz kelib, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, xizmat vazifasini bajarayotgan Sirdaryo tumani IIB xodimlarini har xil kurakda turmaydigan uyatli so‘zlar bilan so‘kib, mayda bezorilik sodir etib, tuman IIB xodimlarining uni tinchlantirish borasidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Fuqaro U.N. o‘zining yuqoridagi harakati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, 183-moddasi, 194-moddasining 1-qismi va 195-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Ma’muriy ishlar bo‘yicha Sirdaryo tumani sudiga yuborilgan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Sirdaryo tumani sudining 3-apreldagi qaroriga asosan, fuqaro U.N.ga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, qamoqda o‘tirgan kunlari uchun undan 501 750 so‘m qamoq xarajatlari undirilishi belgilangan.

Avval Farg‘onada karantin qoidasini buzib, tunda niqobsiz, velosipedda yurgan mast fuqaro 15 sutkaga qamalgani, BAAdan olib kelingan 7 kishi karantin qoidalarini buzgani uchun 15 sutkaga qamalgani, Farg‘onada karantin qoidasini buzib, ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan ayol 5 sutkaga qamoqqa olingani haqida xabarlar berilgan.