Apple kompaniyasi tibbiyot xodimlari uchun haftasiga million dona himoya niqobini ishlab chiqaradi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Tim Kuk o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: Twitter/@tim_cook

Apple’ning himoya niqoblari iShield deb nomlanadi. Kompaniya birinchi partiyani Santa-Klara vodiysidagi (Kaliforniya) Kayzer shifoxonasiga yetkazib berdi. Shaffof plastik va bosh tasmasidan iborat niqoblardan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolovchi tibbiyot xodimlari individual himoya vositasi sifatida foydalanadi.

Apple rahbari niqoblar ishlab chiqarish tashabbusini “dizaynerlar, muhandislar, operatorlar, qadoqlovchilar va yetkazib beruvchilarning birgalikdagi harakatlari” deb atagan. Kukning ta’kidlashicha, har bir himoya vositasini yig‘ishga ikki daqiqadan kamroq vaqt sarflanadi.

Apple birinchi navbatda Amerika shifoxonalarini himoya vositalari bilan ta’minlash niyatida, shundan so‘ng ularni boshqa davlatlarga yuboradi. Avvalroq kompaniya tibbiyot xodimlariga 20 milliondan ortiq niqoblarni yetkazib bergan edi.