Fransiyaning Balma shahrida yashovchi fuqaro o‘z uyining yetti metrli balkonida marafon yugurdi, deb xabar beradi Daily Mail.

Foto: D1softballnews

32 yoshli Elisha Nochomovits o‘z kvartirasining balkoni bo‘ylab 42,2 kilometr yugurdi. U 6 soat 48 daqiqa davomida yugurib, balkonni salkam 6 ming marotaba aylanib chiqqan. Bu orqali u koronavirus infeksiyasi oqibatida izolyatsiyaga tushib qolganda ham sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishga hech narsa to‘sqinlik qila olmasligini ko‘rsatib berishga uringan.

Havaskor-sportchi yugurgani tasvirlangan videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Nochomovits marafon vaqtida unga suv va M&Ms olib kelib turgan suyuklisiga minnatdorchilik bildirgan. U necha marta aylanish kerakligini unutib yuborgan bo‘lsa-da, shagometr qadamlarni sanashni davom ettiravergan. Sportchining tan olishicha, hadeb burilaverganidan ko‘ngli aynib ketgan.