So‘nggi paytlarda Amerika va Eron o‘rtasidagi siyosiy to‘qnashuvlar yanada keskin tus olmoqda. Koronavirus ikki davlat mojarosini to‘xtatib qololmaydimi? Iroq Amerika va Eron o‘rtasidagi jang maydoniga aylanadimi? Rossiyalik siyosatshunos, Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Mixail Magid “Daryo” uchun tayyorlagan maqolasida bu savollarga javob beradi.

Foto: Mixail Magid

13-mart kuni AQSh Iroqdagi XMK (Xalq mobilizatsiyasi kuchlari) joylashgan bir nechta harbiy bazalarga aviazarbalar berdi. Bu IShIDga qarshi kurash uchun umumiy soni 100 mingdan ziyodroq bo‘lgan shialardan tuzilgan ko‘ngillilar tuzilmasidir. XMKni tashkil qiluvchi guruhlarning bir qismi, xususan, Katoib Xizbulloh, Xizbulloh al-Nujoba hamda Asayib al-Xaqq guruhlari Eronga tarafdor guruhlar bo‘lib, qolganlari esa bunday siyosiy yo‘nalishga ega emas. XMK tarkibidagi bunda Eronga tarafdor guruhlar tuzilmaning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Amerikaning zarbalari Iroqdagi obyektlarga berildi. Aftidan, XMKning 5 nafar yaralangan askaridan tashqari yana bir nechta Iroq politsiyasi zobiti hamda harbiylar ham halok bo‘ldi. Ular Amerika uchun nishon sifatida ko‘rilmagan bo‘lsa-da, lekin amalda Iroqning rasmiy kuchishlatar tuzilmalari vakilidan XMK janggarisini farqlash juda qiyin. Janggarilar va rasmiy kuchishlatar tuzilma vakillari bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda ishlaydi va odatda, umumiy bazadan foydalanishadi. Bunday holat yana takrorlansa, bu narsa Iroq aholisining Amerikaga qarshi kayfiyatda mobilizatsiya qilinishig sabab bo‘lishi mumkin.

AQShning hamlasi 11-mart kuni Bag‘dod shimolidagi Kemp-Taji bazasiga qilingan hujum uchun javob sifatida qaralishi mumkin. O‘sha hujumdan keyin Amerikaning ikki nafar va Britaniyaning bir nafar harbiysi halok bo‘lgan edi. Katoib Xizbulloh va Xizbulloh al-Nujaba harakati vakillari ushbu xuruj uchun mas’uliyatni o‘ziga olmagan bo‘lsa-da, lekin uni uyushtirgan tarafni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va amerikaliklar bilan britaniyaliklarni bazadan turib raketa bilan o‘qqa tutgan hujumning o‘ziga ham yuqori baho berdi.

Har ikki tarafning yo‘qotishlari hozircha uncha katta bo‘lmasa-da, biroq voqealar Iroq hududidagi AQSh va Eron ziddiyatining yangi bosqichi bo‘lishi mumkin va bu Iroq davlatini yangi xatar ostiga qo‘yadi. Endilikda Iroq hududi Eron va AQShning ishonchli kishilari o‘rtasidagi jang maydoniga aylanishi mumkin.

Foto: Google Photos

AQSh o‘zining Iroqdagi harbiy kuchlariga qilinishi mumkin bo‘lgan har qanday hujumning oldini olish uchun istalgan chorani ko‘rishi mumkinligi haqida boshqalarni ogohlantirdi. AQSh mudofaa vaziri Mark Esper “Biz Iroqdagi va mintaqadagi o‘z harbiy kuchlarimizni himoya qilish uchun, barcha choralarni ko‘ramiz”, deb ta’kidladi.

Xo‘sh, ziddiyatning kuchayishiga nima sabab?

2018-yilda prezident Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi yadroviy kelishuvdan o‘z mamlakatini bir taraflama tartibda olib chiqib ketdi. Rossiya va Xitoy vositachiligida AQSh Eron va Yevropa Ittifoqi orasida 2015-yilda tuzilgan bu kelishuv Eronning o‘z yadro qurolini yaratish rejasidan voz kechishini ko‘zda tutar edi. Buning evaziga Eronga qo‘yilgan eng qattiq sanksiyalar bekor qilinishi lozim edi va mamlakat neft bilan savdo qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak edi.

Bir vaqtning o‘zida yevropalik investorlar Eronga yog‘ilishi kutilg

andi. Chunki mamlakat 400 milliard dollarlik bozor hamda mislsiz tabiiy boyliklarga ega. Biroq Eron tomonidan kelishuvning barcha shartlari bajarilishiga qaramay, Tramp AQShni nafaqat ushbu kelishuvdan olib chiqib ketdi, balki o‘zining ta’biri bilan aytganda, “maksimal bosim” kampaniyasi doirasida 2018–2019-yillar davomida Eronga tarixdagi yanada mislsiz og‘ir sanksiyalar joriy etdi.

Bu safar Tramp Erondan nafaqat yadro qurolidan voz kechishni, balki raketalar bilan qurollanishni ham to‘xtatishni va mintaqadagi o‘zining sheriklariga (xususan, Iroqdagi Eronga tarafdor kuchlarga) ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamini ham to‘xtatishni talab qildi. Bunday talablarni esa Eron qabul qilgani yo‘q. Bu shunchaki uning ittifoqchilarini mudofaa qobiliyatini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi uchun emas, balki yana boshqa sabablarga ko‘ra ham Eron Trampning yangi talablarini inkor qildi. Ya’ni, Eron avval ham bir marta bu kabi shartlarga rozi bo‘lib, kelishuvni imzolagan va uning shartlarini bajarganiga qaramay, AQShga buning o‘zi yetarli emas ekan.

Foto: Google Photos

Shu sababli, Eron rahbariyati bu safar murosaga bormoqchi emas, chunki avvalgi safar Eron qanchalik o‘z maqsadlaridan voz kechib murosa qilsa ham, AQSh unga rioya qilgani yo‘q. AQShning bu holatda tutgan yo‘li talablarni borgan sari qattiqlashtirish va alaloqibat Tehron siyosiy rejimini qulatish maqsadidan darak beryapti. Umuman olganda, Tehron yangi shartlarga ko‘nmagani sababli o‘zining 80 millionlik aholisining katta qismi uchun sanksiyalar tufayli kelib chiqqan hayotiy mushkulliklar ko‘rinishidagi qiyinchiliklarni o‘ziga orttirib oldi.

AQShning maksimal bosimiga nisbatan Eronning assimmetrik javobi

Amerika sanksiyalari Eron iqtisodiyoti uchun vayronkor bo‘lib chiqdi. Eron davlatining 40 foizga yaqin xarajatlari neft sotishdan olingan daromad evaziga qoplanar edi. Eron avvaliga ushbu daromaddan quruq qolgan bo‘lsa, keyinroq amerikaliklar Eron iqtisodiyotining boshqa sektorlariga ham sanksiyalar soldi. Bunday sharoitda rasmiy Tehronning ahvoli endi jar yoqasiga kelib qolgandi va uning yo‘qotadigan narsasi qolmagandi. Shunda Eron o‘ziga nisbatan AQSh urush ochgani va mamlakat iqtisodiyotini barbod qilayotgani haqida bayonot berdi.

2019-yilning yoz-kuz oylarida Eron qarshi hujumga o‘tdi. Ular Fors ko‘rfazidagi xalqaro tankerlarni minalashtirish va mintaqadagi AQShning ittifoqchisi bo‘lmish Saudiya Arabistoniga hamla qilish bilan javob qaytardi. Xususan, ular Saudiyadagi davlatga qarashli eng yirik neftni qayta ishlash zavodi bo‘lmish Aramko zavodini 18 ta dronlar vositasida va qanotli raketalar orqali o‘qqa tutdi. Bundan tashqari, Eron o‘zining Iroqdagi ishonchli kishilari orqali AQSh harbiylarini 11 marta o‘qqa tutdi.

Eronning maqsadlari anchayin shaffof. Ular AQShning o‘zi uchun murakkablik, shaxmat ta’biri bilan aytganda, “sugsvang” keltirib chiqarishga urindi. Shaxmatda sungsvang holatiga tushgan raqibning har bir navbatdagi yurishi uning o‘zining ahvolini battar tang qiladi. Yaqin Sharqdagi urushlar AQShda unchalik ham ma’qullanmagan. Shu sababli ham Tramp o‘zining saylovoldi dasturidagi va’dalarida mintaqadan AQSh qo‘shinlarini olib chiqish haqida so‘z yuritgan edi. Endi Tramp Iroqdagi uzoq muddatli partizan urushiga bosh suqsa, bu uning uchun saylovlardagi mag‘lubiyatga sabab bo‘lishi mumkin.

Mabodo Tramp Eron zarbalariga javob qaytarmaydigan bo‘lsa, bu holat AQShning zaifligini ko‘rsatadi va ittifoqchilariga ham yordam berolmaydigan, o‘z harbiylarini ham himoya qilolmaydigan noqobil taraf sifatida Amerika uchun isnod keltiradi va bu ham oqibatda uning o‘zi uchun saylovlardagi mag‘lubiyatga olib keladi. Tehron AQShning navbatdagi saylovlarida demokratlar g‘alaba qozonishiga umid qilyapti. Demokratik partiya g‘alaba qozongan taqdirda, Eron uchun qulay bo‘lgan 2015-yildagi kelishuv shartlariga qaytishni va’da qilgan.

Sulaymoniyning o‘limi va Eron faolligining susayishi

2019-yil yakuniga kelib, ehtimol eronliklar o‘zlarining yengilmasligiga qattiq ishonib qoldi. G‘alati holat yuzaga keldi – AQSh Eronning birorta zarbasiga javob qaytarmay turdi. Bu Amerika uchun global miqyosdagi xo‘rlik edi. Natijada, mintaqadagi uning ittifoqchilarida, xususan, Saudiya Arabistoni, BAA va Isroilda bu borada haqli savol paydo bo‘la boshladi.

Yani, Tramp o‘zi Eron hujumlaridan himoyalanishga qodirmi? Va umuman, AQSh bilan ittifoqchi bo‘lish arziydimi o‘zi? – degan savollarga javob izlay boshlashdi. AQShning o‘zida ham harbiylar orasida tushunmovchilik yuzaga keldi. Trampning sustkashligi AQSh prezidenti ma’muriyatining obro‘sini to‘ka boshladi. Biroq Eron AQShning keskin kutilmagan va zargarona aniqlikda reaksiya bildirishi ehtimolini unutib qo‘ygan edi.

Foto: Google Photos

AQSh bu borada aniq pozitsiya bildirgan edi. Unga ko‘ra, AQShning sabr kosasini to‘ldirgan narsa bu amerikalik fuqarolarning o‘limi bo‘ladi. 2019-yil oxirida Eronning navbatdagi qurolli hujumi natijasida Iroqda bir nafar AQSh harbiysi halok bo‘lgach, amerikaliklar Iroq va Suriyadagi Eronga tarafdor bo‘lgan ko‘ngillilar armiyasini bombardimon qilish orqali javob qaytardi. Bunga javoban esa Eron o‘z ittifoqdoshlari bilan birga AQShning Bag‘doddagi elchixonasini qamal qilishga urinib ko‘rdi.

Bu 1979-yildagi Eron inqilobi paytida, Tehrondagi AQSh elchixonasining  52 nafar diplomatini garovga olinganini yodga solib yubordi. O‘sha garov bilan yuz bergan hodisa AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jimmi Karterning saylovlardagi mag‘lubiyati bilan yakun topgan edi. 2019-yil yakuni va 2020-yil boshidagi Bag‘doddagi AQSh elchixonasi atrofidagi vaziyat ham shunga o‘xshash holatga kelib qolgach, joriy yilning 3-yanvar kuni AQSh tomonidan Eron va uning ittifoqchilari uchun kutilmagan, qaqshatqich zarba berildi.

Eronning Kods nufuzli harbiy kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan va shu kuni ertalab Bag‘dod aeroportidan yo‘lga chiqqan general-mayor Qosim Sulaymoniy drondan uchirilgan raketa zarbasi orqali yo‘q qilindi. U Eronning barcha harbiy harakatlariga va xorijdagi Eronga tarafdor bo‘lgan barcha shia harbiy tuzilmalariga rahbarlik qilgan, diplomatiya masalalarida ham hal qiluvchi shaxs bo‘lgan va norasmiy ravishda Erondagi siyosiy iyerarxiyaning ikkinchi raqamli kishisi edi. Eronning birinchi raqamli rahbari mamlakatda deyarli mutlaq hokimiyat egasi bo‘lgan Oyatullo Ali Homayini ham Qosim Sulyamoniyga hammadan ham ko‘p ishonardi. Sulaymoniy bilan birgalikda Iroqdagi XMK kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan al-Mahdi al-Muhandis va yana to‘rt nafar iroqlik general halok bo‘ldi.

Eron shundan so‘ng Iroqdagi AQSh bazalari tomon 10 marta raketa zarbasi bergan bo‘lsada, lekin ularning Amerika bilan urushga shay emasligi bilindi. Eron o‘zi qabul qilib olgan zarbadan tentirab qoldi. Axir bu Eron maxsus kuchlari AQSh mudofaa vazirini o‘ldirgani bilan teng kuchli narsa edida! AQSh bazalarini o‘qqa tutish orqali Sulaymoniyning o‘limi uchun ramziy ma’noda qasos olgan Eron keyinchalik o‘zining AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi qaratilgan harbiy faolligini pasaytirdi. Shu bilan ziddiyat AQSh foydasiga hal bo‘lgandek edi go‘yo.

Yangi eskalatsiya. Eron avvalgi rejasiga qaytmoqda

Biroq fevral-mart oylarida Iroqdagi AQSh bazalarining o‘qqa tutilishi yana tez-tez sodir bo‘ladigan bo‘lib qoldi va amerikalik harbiylar orasida yana o‘lganlar va yaradorlar soni paydo bo‘ldi. Aftidan, Eron AQShni Iroq hududidagi uzoq muddatli va Amerikaning o‘zida hech kimga yoqmaydigan partizanlik urushi domiga tortishga qaratilgan avvalgi rejasiga qaytmoqda. Bu noyabrdagi prezidentlik saylovlarida Trampning mag‘lubiyatiga olib kelishi kerak.

“Sulaymoniyning o‘limidan keyin Eron hech qachon qo‘l qovushtirib o‘tirmoqchi emas, agar kimdir hammasi tugadi deb o‘ylagan bo‘lsa, u shoshqaloqlik qilibdi”, — deya fikr bildirgan RAND korporatsiyasi siyosatshunosi Arian Tabatabai. “Agar, Eronliklar shunday desa, bu kutilgan holat bo‘ladi”, —deya so‘zini yakunladi u.

Eron tomonidan amalga oshirilgan hujumlar miqyosi va undan kelib chiqqan AQSh harbiylarining o‘lim ko‘rsatkichi shundan dalolat bermoqdaki, Eron o‘zining AQSh bilan oradagi mojaroni kuchaytirish uchun tayyorgarligini yanada kengaytirdi. “Bu ularning xatti-harakat uslubiga xos, lekin ular hozir avvallari ‘qizil chiziq’ sifatida qaralgan vaziyatdagiga qaragandan ham ko‘proq yo‘qotishga yo‘liqishmoqda”, — deya qo‘shimcha qilgan Tabatabai.

Eng yomoni esa bu voqealarning barchasi AQSh va Eronda tarqalib yotgan koronavirus epidemiyasi fonida sodir bo‘layotganida. Bunday mushkul vaziyatda o‘zaro eskalatsiyadan qochish o‘rniga taraflar yana hisob-kitob qilishga kirishib ketmoqda. Bu sharoitda shundoq ham epidemiyadan jabr ko‘rayotgan Iroq hududi Amerika va Eron o‘rtasidagi jang maydoniga aylanishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.