“Sevishganlar”, “Ikki soldat haqida qissa”, “Jangga faqat qariyalar boradi”, “Bomba”, “Yaratganga shukur”, “So‘qirlar” singari film hamda seriallardagi ijrolari orqali tanilgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rustam Sagdullayev Rossiya Federatsiyasida “Yil odami” deya e’tirof etildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Nafaqat O‘zbekiston, balki o‘nlab mamlakatlarda ham o‘z muxlislariga ega aktyor va rejissorga mukofot Gitlerchilar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab Moskva shahrida o‘tkazilgan “Yil odami—2020” taqdimot marosimida topshirildi.

Foto: “Yandex.ru”

“Qariyb 30 yildirki, rossiyalik rejissorlar bilan hamkorlikda ishlab kelaman. Bundan tashqari, 1996-yildan buyon Rossiyada o‘tkaziladigan nufuzli kino festivallarda hakamlar hay’ati a’zosi sifatida qatnashaman. Muxlislarim orasida rossiyaliklar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular ko‘proq “Jangga faqat qariyalar boradi” filmidagi Romeo obrazim orqali tanishadi.

Shu paytga qadar Rossiya hukumati tomonidan bir qancha mukofotlarga loyiq ko‘rilgandim. “Yil odami” sifatida e’tirof etishgani esa kutilmagan va unutilmas yangilik bo‘ldi.

O‘zbek aktyori ekanligimdan doimo faxrlanaman. Bu sovrinni men orqali O‘zbekistonga berishgani uchun cheksiz minnatdorman. Mazkur mukofot birgina meniki emas, butun xalqimiz, san’at shinavandalari va hamkasblarimniki hamdir”, — dedi Rustam Sagdullayev.