Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan 2019-yil davomida jami 1 550 nafar o‘zbekistonlik qiz Turkiya fuqarolariga turmushga chiqqan. Mamlakatga ishlashga ketayotgan ayollar safi ham tobora ortib bormoqda. Buning asl sababi nima? Nima uchun o‘zbek qizlari oxirgi paytda turk yigitlari bilan oila qurmoqda? Bu haqda ikki yil oldin Turkiyaga turmushga chiqib, ayni paytda Bodrum shahrida istiqomat qilayotgan Shahnoz Chevik “Daryo”ga so‘zlab berdi.

Shahnoza Chevik (Xolmirzayeva) 26 yoshda. Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Farg‘ona iqtisodiyot kollejini tamomlagan. 2018-yilda Turkiya fuqarosi Mexmet Chevik bilan turmush qurgan.

Turk yigiti bilan oila quraman deb hech qachon o‘ylamaganman

Hech qachon Turkiyaga turmushga chiqaman deb o‘ylamaganman. Avvalo taqdir. Xudo peshonamga turk yigiti bilan oila qurishni bitgan ekan. Mana ikki yildan buyon turmush o‘rtog‘im bilan Turkiyaning Bodrum shahrida baxtli hayot kechiryapmiz.

Foto: “Daryo”

Turmush o‘rtog‘im Mexmet bilan tanishishimga uning tog‘asi Muhsin usta sabab bo‘lgan. Batafsil aytib beradigan bo‘lsam, bir necha yil universitetga topshirib, o‘qishdan yiqildim. Keyin taqdirga tan berib, shahardagi tekstil fabrikasiga ishga kirdim. Mexmetning tog‘asi korxonamizdagi to‘qima mashinalarining ustasi edi. Birga ishlardik, lekin men turkchani, u esa o‘zbekchani bilmasdi. Ammo amallab bir nimalarni doim tushuntirishga harakat qilardi.

Keyinchalik turk tilini mustaqil o‘rganishni boshladim. Ishdan keyin uyga lug‘at yodlab, audiolar eshitib ketardim. Xullas, to‘rt yil ichida bemalol turkcha muloqot qilishni boshladim. Muhsin usta esa hazil qilib, “turkchani bilasan, endi seni o‘zim kelin qilaman”, deb jiyani bilan tezroq tanishtirib qo‘yishi kerakligini aytardi.

Vaqt o‘tib, ustamizning jiyani Mexmet bilan ijtimoiy tarmoqda tanishdik. U juda ochiqko‘ngil, saxiy va mehribon inson edi. Bir yarim yilcha do‘stona gaplashib yurdik. O‘zbekistonga bir necha marotaba kelib ketdi ham. Bir-birimizga o‘rganib qoldik. Do‘stona boshlangan munosabat ancha chuqurlashdi. Xullas, oradan yana yarim yil o‘tib, Mexmet menga sovchi qo‘ydi.

Foto: “Daryo”

Meni Turkiyaga uzatishlari oson bo‘lmadi

Boshida ota-onamning meni begona davlatga yuborishlari oson bo‘lmadi. Biroq Mexmet oliy ma’lumotli, ishning ko‘zini biladigan bola bo‘lgani, oilalarimizning bir-biriga mosligi, eng asosiysi, yaxshi insonligi oilamga ma’qul keldi. Meni baxtli qilishiga ko‘zim yetganligi uchun ota-onamning oq fotihasi bilan Mexmetga turmushga chiqdim.

Foto: “Daryo”

Qo‘l o‘pish va boshqa odatlar

Turklarning juda qiziq urf-odatlari bor ekan. Masalan, el öpme, ya’ni qo‘l o‘pish odatlari haqida aytadigan bo‘lsam, kelin-kuyov yaqin qarindoshlarining uyiga ziyoratga borib, kattalarning qo‘lini o‘padi va duosini oladi. Kattalar ham ularga pul yoki qo‘y-qo‘zilardan sovg‘a qiladi. Men ham buni astoydil qilib, evaziga 12 ta qo‘y va ikkita sigir egasi bo‘ldim. Ularni hozir qaynotam boqyapti. Yana Turkiyadagi to‘yimizda bir talay oltin va pullar to‘pladik. Qisqa qilib aytganda, turklarning kelin-kuyovga foyda bo‘ladigan urf-odatlari ko‘p ekan.

Foto: “Daryo”

Erim ovqat tanlamaydi

Mexmetning oila a’zolari xushmuomala va mehmondo‘st ekan. Meni oilalariga juda iliq qabul qilishdi. Shuning uchun yangi davlatning urf-odatlarga ko‘nikib ketishim uncha qiyin bo‘lmadi.

Turmush o‘rtog‘im bilan alohida yashaymiz. Ovqat tanlamaydi, qo‘limdan kelganicha o‘zbek va turk taomlarini tayyorlayman. Bilmaganlarimni asta-sekin o‘rganyapman.

Foto: “Daryo”

Turkiyaga turmushga chiqqanimdan hech qachon afsuslanmayman

Turmush o‘rtog‘im bilan baxtli hayot kechiryapmiz. Yaqinda onalik baxtiga ham muyassar bo‘laman. Hayotimdan juda mamnunman.

To‘g‘ri, ota-onamni, Farg‘onani ko‘p sog‘inaman. Ammo yaqinlarim bilan video orqali tez-tez gaplashaman. To‘y va marosimlarda O‘zbekistonga borib turaman. Turmush o‘rtogim har yili Farg‘onaga borib kelishimga va’da bergan. Hozir buning uddasidan chiqyapti.

Foto: “Daryo”

Turk erkaklari uylanishga shoshilmaydi

Shaxsiy fikrimni aytadigan bo‘lsam, nega o‘zbek qizlari aynan turk erkaklarini tanlaydi, bilasizmi? Bu yerda aslida turklar yaxshi, o‘zbeklar yomon degan narsa yo‘q. Lekin to‘g‘risini aytishim kerak, turk yigitlari oilaparvar, uylanishga shoshilmaydi. Uylansa ham ota-onasi topganiga emas, balki o‘z qarori bilan oila quradi.

Turk ayollariga nisbatan biz, o‘zbeklarda erga hurmat juda kuchli va shu jihatimiz bilan ulardan yaqqol ajralib turamiz. Turk erkaklari esa buni juda qadrlaydi. Bizni qattiq hurmat qiladi. Bu gaplarni nafaqat men, balki turk bilan turmush qurgan barcha ayollar gapirishi mumkin.

Foto: “Daryo”

Bizda kerakmas urf-odatlar juda ko‘p

Ba’zan mentalitetimiz yashashimizga xalaqit beradi.

Qaynonalarning kelinni sig‘dirmasligi, talablarining ko‘pligi, kelin tez homilador bo‘lmasa, sabrsizlik qilib ajratib yuborishi, erning esa ayoli fikrini past ko‘rib, qo‘pol muomala qilishi, qo‘l ko‘tarishi, qisqa qilib aytganda, onasi va ayoli o‘rtasidagi muvozanatni tuta olmasligi bilan bog‘liq vaziyatlar oila buzulishiga sabab bo‘ladi.

Statistikasiga qaraganda ham O‘zbekistonda ajrimlar soni juda ko‘p. Doimgiday ayollar jabr ko‘radi, erkaklar esa “yangisi”ga uylanib ketaveradi. Baxtsiz, ishsiz, pulsiz, uysiz qolgan ayol ota-onasinikida qancha yashay oladi? Chorasizlikdan chetga ishlagani ketgan ayollarimiz soni shuning uchun ham tobora ortyapti. Chunki vaziyatlar, odamlar shunga majbur qilyapti.

Foto: “Daryo”

Hech qaysi ayol Turkiyaga zerikkanidan kelmaydi

Turklarga turmushga chiqqan qizlar, ayollar haqida doim salbiy fikr bildirishadi. “O‘zbek yigitlari qurib qolganmi, ikkinchi xotin bo‘lib tekkandir-da” deyishadi. Lekin yaxshilab mulohaza qilinsa, hech qaysi ayol hech qachon baxtli bo‘la turib, oilasini tashlab ketmaydi. Yoki zerikkanidan begona davlatga turmushga chiqmaydi. “Tana boshqa dard bilmas” deganidek, kimningdir hayotini, muammolarini bilmay turib, yomonotliq qilish yaxshi emas.

Foto: “Daryo”

Hamma ham baxtli va yaxshi yashashni istaydi

Oxirgi paytda Turkiyaga ko‘plab o‘zbek ayollari ishlagani kelyapti. To‘g‘ri, besh qo‘l baravar emas. Yomon niyatda kelganlariyam bordir. O‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman, lekin eshitganman.

Bu yerga aksariyat ayollar o‘ynab kulgani emas, mehnat qilgani keladi. Ko‘pchiligi qariyalarga boquvchilik qiladi. Sababi, jahon statistikasiga ko‘ra, Turkiya altsgeymer xastaligi bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Buni asosan qariyalar tashkil qiladi.

Mamlakat iqtisodiy jihatdan ancha rivojlanganligi uchun aksariyat turklar xizmatchi yollaydi. Bunday xonadonlarga esa ko‘pincha bizning o‘zbek ayollari ishga kiradi.

Turkiyaga ishlashga kelgan yoki turmushga chiqqan xotin-qizlarni yomon deb gapiradigan odamlarga aytmoqchimanki, hayot shundog‘am beshafqat. Har kim hayoti uchun o‘zi mas’ul. Qilmishlari uchun ham o‘zi javob beradi. Birovlarni gapirib, muhokama qilgandan ko‘ra, inson o‘z umrini chiroyli va mazmunli yashab o‘tishi kerak.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.