Turmaniston fuqarolarining mamlakatni tark etayotgani sababli qishloqlarda faqat keksalar va maktab o‘quvchilari qolmoqda, deb xabar bermoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Nashr muxbirlaridan biri turkman—afg‘on chegarasi yaqinida joylashgan “Marchak” qishlog‘ida bo‘lib, u yerdagi vaziyatni o‘rgangan.

Qayd etilishicha, mehnatga layoqatli aholi vakillaridan o‘qituvchilar, gengeshlik (mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organi) ishchilari hamda bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar va keksalar (70 yoshdan oshgan) qolgan xolos.

Keksalar bolalarga qaraydi. Bolalarning ota-onalari esa chet elda, asosan, Turkiyada ishlab, oyiga 100—200 dollardan pul jo‘natib turadi. Keksalar bo‘lmagan oilalarda esa bolalarni boqib turganlik va ularga sarflanadigan barcha xarajatlarni qoplash sharti bilan qarindoshlar yoki qo‘shnilarga tashlab ketishga to‘g‘ri keladi.

Maktab bitiruvchilari yoki yuqori sinf o‘quvchilari bo‘lgan qizlar qariyalar yoki bolalar qolgan oilalarda xizmatkor bo‘lib ishlaydi. Ular ovqat pishiradi, kir yuvadi, uy tozalaydi va bolalarga qaraydi.

Keksalardan biri vafot etganda, dafn marosimini tashkillashtirish va xotira marosimini o‘tkazishda boshqa qariyalar va o‘spirinlar shug‘ullanadi.