O‘zbekiston hukumati koronavirus epidemiyasi rasman bartaraf etilmagunicha Xitoyga safarlarni va ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga tashriflarni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida topshiriq berdi. Ushbu ma’lumotni “Daryo”ning hukumatdagi manbalari tasdiqladi.

Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar, juma kuni, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashuv davomida ayni vaqtda nafaqat Xitoy, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham qayd etilayotgan koronavirus masalasiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

“Hozirgi koronavirus ko‘zimizni moshdek ochishi kerak”, — deb aytgan Prezident. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bunda qaysi yo‘nalish bo‘yicha nimalar qilinishi kerak, nimalar ixtiro qilinishi kerak — shu kabi masalalarga tayyor bo‘lish lozim.

Avvalroq Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi O‘zbekiston hukumati koronavirusning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid choralar ko‘rayotgani, shu munosabat bilan mamlakatda faoliyat yuritayotgan turoperator va turagentlarga qator tavsiyalar bilan murojaat qilgandi.

Avvalroq Rossiyada birinchi koronavirus bilan xastalangan ikki shaxs aniqlangani haqida xabar berilgandi.