Andijon shahrida 4-dekabr kuni 2-kichik daha “Sog‘lom avlod” MFY Lermontov ko‘chasidagi 7-sonli ko‘p qavatli uyda qo‘lbola usulda tayyorlangan gazni tortish moslamasida yuzaga kelgan chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu ko‘p qavatli uyda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Foto: Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti

Portlash va yong‘in 30 yoshli fuqaro D.S.ning xonadonida o‘rnatilgan gaz tortgich moslamasida uyda hech kim yo‘qligi va nazoratsiz qolishi oqibatida ko‘p miqdorda gaz to‘planib chaqnashi natijasida kelib chiqqan.

Yong‘in oqibatida mazkur ko‘p qavatli uyda joylashgan 8 ta xonadon zarar ko‘rgan hamda 11 kishi termodestruktiv mahsulotlaridan zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi.

Voqea yuz bergan joyga Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov yetib borgan va mutasaddi tashkilotlarga yuzaga kelgan zararni qoplash, fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriq bergandi.

“Ta’mirlash uchun 4 ta pudrat tashkilotlari biriktirilib, ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirda ko‘p qavatli uyning zarar ko‘rgan oldi fasad qismi ta’mirlanib, romlar yangi o‘rnatildi. 15 ta xonadonlarda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda, portlash natijasida 2 va 3-qavatlarning konstruksiyalariga jiddiy zarar yetgani sababli ushbu qavatlardagi xonadonlarda demontaj ishlari boshlanganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.