Soxta hujjatlar tayyorlab, 153 million so‘mni o‘zlashtirib yuborgan temiryo‘l chipta sotuvchilarining jinoiy guruhi fosh etildi. Bu haqda Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi Toshkent mintaqasidagi temiryo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Xolmurotov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Boshqarma va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasining tushumlarni nazorat qilish bo‘limi xodimlari o‘tkazgan xizmat tekshiruvi davomida Toshkent yo‘lovchi tashishni tashkil etish filiali naqd pulsiz chipta sotish chiptaxonalari chipta sotuvchi agentlari tomonidan sotilgan chiptalarning qonuniyligi ko‘rib chiqilgan.

“O‘rganish natijasida chipta sotuvchi vazifasida ishlab kelgan Z.M, U.T, O.R. Sh.U.dan iborat jinoiy guruh fosh etildi”, — dedi tergov bo‘limi katta tergovchisi mayor Abdusalom Ergashev.

Jinoiy guruh a’zolari 2018-yil davomida hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan temiryo‘l chiptalarini sotishdan tushgan 153 million so‘mni o‘zlashtirib yuborgan. Shuningdek, har oy “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasiga soxta hisobotlar taqdim etib kelgan.

Holat yuzasidan Z.M, U.T, O.R. Sh.U.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblov e’lon qilingan. Dastlabki tergov davrida ayblanuvchilar tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan. Jinoyat ishi sudga yuborilgan.