25-noyabr kuni soat 18:55 da Kogon shahrida yashovchi fuqaro Azamat Yodgorov ikki nafar farzandini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) Buxoro filialiga keltirgan. U farzandlarida tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qusish, holsizlik, uyquchanlik holatlari yuzaga kelayotganidan shikoyat qilgan.

Bolalarning ahvoli o‘ta og‘irligi inobatga olinib, “O‘tkir respirator infeksiya. Og‘ir kechuvi. Gipertermik sindrom” tashxisi bilan ular bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga yotqizilgan. Bo‘lim boshlig‘i Bahriddin Mamedovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, olib borilgan davo choralariga qaramay, 2013-yilda tug‘ilgan Amir Yodgorovda 29-noyabr kuni soat 13:00 da biologik o‘lim qayd etilgan.

Qayd etish joiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Vafot etgan bolaning onasi murojaati” tarqalgan edi. Unda, jumladan, ota-ona farzandlarini shifoxonaga olib kelganida ularning faqat tomog‘i og‘rib, isitmasi bo‘lgani, yarim tunda esa ular komaga tushib qolgani, oila boshlig‘i Toshkentdan shifokorlarni o‘z hisobidan chaqirtirgani ta’kidlangan.

“29-noyabr kuni o‘g‘lim o‘ldi. Uning o‘limidan so‘ng uyimizga hamma — Kogon hokimi, prokuratura, sanepidemnazorat xodimlari keldi. Bizga o‘g‘limizning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani haqida xulosa berishdi. Bu g‘irt yolg‘on! Shahar gaz idorasi xodimlari kelib, uyda hech qanday gaz sizishi bo‘lmagani haqida dalolatnoma tuzib ketgan. Biz hali ham aslida nima bo‘lganini va tashxis qandayligini bilmaymiz. Atrof to‘la uquvsiz shifokorlar... Qizimizni qutqarib qolishga yordam bering! Biz viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevning ushbu muammoga shaxsan aralashishini istaymiz”, — deyiladi murojaatda.

Bemor bolalarning otasi Azamat Yodgorovning shifokorga aytishicha, farzandlaridagi holat 22-noyabr kuni boshlangan bo‘lib, shamollash, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal va burun bitishi kabi belgilar bergan. Ammo ota-ona shifokorga murojaat qilmay, farzandlarini dastlab uy sharoitida davolagan. Davolashning foydasi bo‘lmagach, RShTYoIM Buxoro filialiga olib kelgan.

Koma holatidagi uch yoshli Aliya.
Foto: “Daryo”

— Shu kuni bolalarning otasi 2016-yil tug‘ilgan qizi Aliyani og‘ir ahvolda, es-hushi karaxt, holsiz, intoksikatsiya belgilari yuqori darajada olib keldi. Qo‘l-oyog‘ida tonus kuchaygan, hansirab nafas olardi. Yurak tonlari bo‘g‘iq, yurak urishi tezlashgan, koma holatida edi. O‘g‘li ham o‘z oyog‘i bilan hush-behush yurib kelgan bo‘lsa-da, bemorlik holatlari bir xil edi. Ikkisiga ham sanitar aviatsiya yo‘nalishi bilan RSHTYoIMdan toksikolog, transfuziolog va reanimatolog, dotsent Gulya Hamroyeva, RShTYOIM Buxoro filiali direktori, bosh shifokor va bo‘lim boshliqlari tomonidan konsilium o‘tkazildi va tavsiyalar berildi. Amirga plazmoferez o‘tkazildi, — dedi bolalar reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Bahriddin Mamedov.

Mamedovning ta’kidlashicha, bemor bolalarni uch kun davomida uy sharoitida, shifokor maslahatisiz davolashgan. “Sinepar sirop”, “Paratsetamol” shamcha, yagurta ichimligi, “Reoksolin” vositalari orqali ularning haroratini 35,5 darajaga tushirishgan. Ko‘p o‘tmay, bolalar harorati yana 38—39 darajaga ko‘tarilgan. Shunday og‘ir holatda ham tanish hamshirani olib kelib, uy sharoitida “Seftiraksion” dori vositasini qo‘llashgan.

— Ertalab bolalarini qaynonasiga topshirib, ota ishga jo‘nagan. Bolalar televizor ko‘rib, kompyuter o‘ynashgan bo‘lishsa-da, hol-behol bo‘lishgan. Otasining aytishicha, betob nevaralariga qarab turgan buvi ularga uy sharoitida tayyorlangan baqlajon ikrasi hamda blinchik pishirib bergan. Bundan tashqari, o‘sha kunlarda havo harorati pasaygani sababli xonadonda uyni isitish uchun tabiiy gaz plitasidan foydalanilgan. Bolalarda qusish kuchayib, isitma yana ham ko‘tarilgan. Ota ishdan qaytgachgina, bolalarini kasalxonaga olib kelgan, — deya so‘zida davom etdi shifokor.

Bahriddin Majidov.
Foto: “Daryo”

Bolalar zudlik bilan muolajalar stoliga yotqizilgan. Har uch soatda ularda isitma, qusish, talvasa holati yuzaga kela boshlagan. Oshqozonlari yuvilib, qon va peshob analizlari Buxoro viloyat sud-tibbiyot ekspertizasiga jo‘natilgan.

Konsilium natijalari asosida bolalarga “Is gazidan o‘tkir zaharlanishning og‘ir darajasi. Gipoksik bosh miya shishi. Miya komasi 2-darajasi. O‘tkir nafas yetishmovchiligi 3-darajasi. O‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi 3-darajasi. Talvasa sindromi” tashxislari qo‘yilgan. Har ikki bemor ham koma holatida IVL apparatida vazopressor dori vositalari fonida davolangan. Davolashda qon komponentlari qo‘yilgan, oksigenoterapiya, intoksikatsiyaga qarshi va reanimatsion chora-tadbirlar qo‘llanilgan.

— Bolalar hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatdan foydalandik. Nafaqat viloyat, balki sanitar aviatsiya yo‘nalishi orqali juda tezkor ravishda Buxoroga yetib kelgan respublika darajasidagi eng tajribali shifokorlar ham jalb etildi. Afsuski, 6 yashar bola hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Ayni paytda 3 yoshli bemor ham og‘ir, koma holatida. U IVL apparatida vazopressor dori vositalari fonida davolanmoqda, — dedi RShTYoIM Buxoro filiali direktori Majid Kenjayev.

Bolalarning otasi Azamat Yodgorov hamda amakisi Damir Jo‘rayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda shifokorlar ularning hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarni qo‘llashganiga qaramay, o‘g‘li vafot etganini achchiq hasrat bilan ta’kidladi.

— Malakali shifokorlar qizim atrofida. Allohdan shifo so‘raymiz. Ammo bolalarim gazdan zaharlanmagan. Ular virusga chalingan. Ekspertiza xulosasini kutayapmiz, — deydi Azamat Yodgorov.

Ma’lumotga ko‘ra, bolalarning onasi Dilyara Yodgorova 8 oylik homilasi bilan Buxoro viloyat perenatal markazida davolanmoqda.

— Sud-tibbiy ekspertizaga yuborilgan qon tahlilida 11,7 foiz karboksigemoglobin miqdori aniqlangan. Aytishim joizki, bizning vazifamiz bemorga qarash, uni komadan chiqarish, qanday ko‘rinishdagi kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, muolajalarda davom etib, ularning sog‘lig‘ini ta’minlash, — deydi Bahriddin Mamedov.

Bolalar RShTYoIM Buxoro filialiga yotqizilgan kun viloyat rahbari O‘ktam Barnoyev bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga kelgan va bolalar holidan xabar olgan.

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev (o‘ngdan ikkinchi).
Foto: “Daryo”