1-dekabr kuni 2012-yildan beri Qozog‘istonning birinchi prezidenti kuni davlat bayrami nishonlanadi. Ushbu kun birinchi prezident Nursulton Nazarboyevga respublika oldida qilgan xizmatlari uchun minnatdorlik ramzi sifatida bayram qilinadi, deb yozgan “RIA Novosti”.

Foto: Sputnik

Nazarboyev Qozog‘istonning prezident sifatida qariyb 30 yil boshqardi va davlat rahbari sifatidagi vakolatlarini 2019-yilning 20-martida topshirdi. Ushbu voqeadan keyin senat spikeri bo‘lgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezident vakolatlarini qabul qildi.

Nazarboyev Xavfsizlik kengashi rahbari va Nur Otan partiyasi yetakchiligini o‘zida saqlab qoldi. Oktabrda To‘qayev Nazarboyevning kadrlar siyosati bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirdi va mamlakatda vazirlarni lavozimga tayinlash Xavfsizilik kengashi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi haqida yangi Farmon chiqardi. TIV, IIV va mudofaa vazirligi rahbarlari bundan mustasno.

2015-yil 26-apreldagi prezidentlik saylovlarida Nazarboyev beshinchi bor g‘alaba qozongan va 98 foiz ovoz olgan. Uning prezidentlik muddati 2020-yilda poyoniga yetishi lozim edi. Qozog‘iston konstitutsiyasiga ko‘ra Nazarboyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti sifatida prezidentlikka cheklanmagan miqdorda o‘z nomzodini qo‘yish huquqiga ega.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti kuni yakshanbaga to‘g‘ri kelib qolgani uchun dushanba – 2-dekabr sanasi bayram va dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti kunida respublikaning barcha viloyatlarida tantanalar, sport musobaqalari va madaniyat tadbirlari o‘tkaziladi.

Nazarboyev 2018-yil iyul oyida Xavfsizlik kengashi rahbarligi lavozimini umrining oxirigacha egallash huquqini belgilash haqidagi qonunni imzolagan.