Andijon tumanidagi 35-sonli maktab o‘quvchilari ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgandi. Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ushbu xabar yuzasidan “Daryo”ga qo‘shimcha ma’lumot berdi.
“8-oktabr kuni soat 20:30 dan Andijon tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 4 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana harorati ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Shu kuni soat 00:00 ga qadar faol aniqlash yo‘li bilan yana 23 nafar fuqaro ‘ovqat toksikoinfeksiyasi’ birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Jami 27 nafar fuqarodan 24 nafari tumanning 35-maktab o‘quvchilari, bir nafari sinf rahbari, bir nafari maktab o‘quvchisining onasi – tug‘ilgan kun munosabati bilan tort pishirig‘i tayyorlab olib borgan, yana bir bir nafari esa shu sinf o‘quvchisi uydagi kichik yoshdagi singlisiga bergani natijasida zaharlanish qayd etilgan”, — deyiladi xabarda.
Tezkor olib borilgan muolajalar natijasida 9-oktabr kuni soat 10:00 ga qadar 13 nafar, soat 12:00 ga qadar yana 9 nafar bemorning holati yaxshilangani sababli ularga shifokorlar tomonidan uylariga ketishga ruxsat berilgan.
Yana 3 nafar o‘quvchiga 9-oktabr kuni soat 18:00 da holati yaxshilangani sababli uyga ketishga ruxsat berilgan. Hozirda sinf rahbari, o‘quvchilar va boshqalarning holati qoniqarli.
Mavzuga doir: Samarqandda 24 kishi xot-dog va shaurmadan zaharlandi