OAVlarda 7-oktabr, dushanba kuni “Surxondaryoda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar maktabida bolalar polda uxlashga majbur bo‘lmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Mazkur maqolaga Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Foto: “Xabar.uz”

Unda aytilishicha, maqolada keltirilgan masala viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

“O‘rganish natijasiga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan axborot berilishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida joylashgan viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab internatida bolalar sonining ko‘pligi, yotish uchun joy yetishmovchiligidan ular kutubxonada, polga ko‘rpa to‘shab tunashga majbur bo‘layotgani ma’lum qilingandi.