Kecha, 16-sentabr kuni Telegram’dagi Alimoff kanalida bloger Nurbek Alimov hamda yosh jurnalist Dilbar Ismatullayeva tomonidan olib borilgan surishtiruv natijalari e’lon qilindi. Bu ikkisi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida faoliyat yuritgan “trollar fabrikasi”ni fosh etib, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritgan kattagina noqonuniy guruhga oid isbot-dalillarni oshkor qildi.

Biz ushbu surishtiruvni olib borgan yosh jurnalist Dilbar Ismatullayeva bilan bog‘lanib, suhbat qildik. Surishtiruv g‘oyasi qayedan keldi, ish qanday olib borildi, davomini kutsak bo‘ladimi – shu kabi masalalarga qiziqib ko‘rdik.

Foto: Google Photos

“Daryo”: Assalomu alaykum, Dilbar. Yosh bo‘lishingizga qaramay, ancha shov-shuv keltirib chiqardingiz va muhokamalarga sabab bo‘ldingiz. Meni qiziqtirgan masala – surishtiruv o‘tkazish fikri qayerdan keldi? Umuman, bunday “trollar fabrikasi” borligi haqida qayerdan ma’lumot oldingiz? Bu tasodifan kelib chiqqan mavzu bo‘ldimi yoki tashabbus o‘zingizdan chiqdimi?

Dilbar Ismatullayeva: Tanishim (meni bu ishga taklif qilgan bola) bilan bir jamoada ishlaganmiz – hamkor sifatida. Ishimiz OTMlarga kirish imtihonlari bilan bog‘liq edi, mavzuimizga aloqador bo‘lmagani uchun bunga alohida to‘xtalmayman. Tanishimning ismini ham oshkor etmayman – baribir uni oddiy ijrochi deb bilaman, uning ismi ovoza bo‘lib, butun ayb zimmasida qolib ketmasin. Bu ishning teparog‘ida boshqa odamlar borligi tayin.

Jamoada o‘n chog‘li odam edik. Ish yakunida u taklifi borligini bildirdi; taklif mazmuni shundan iboratki, N. ga “yuqori”dan topshiriq berilgan va ushbu topshiriqqa ko‘ra u o‘n kishilik ishonchli (“og‘ziga mahkam”) yigit-qizlardan iborat jamoa tuzishi kerak. Ishning mazmuni bilan yuzaki tanish bo‘lgan holda guruhdagi 3–4 kishi bunga rozilik berdi, jumladan, men ham. Keyin bizga qo‘ng‘iroq qilishdi.

“Daryo”: Maqolada yozishingizcha, sizni trollarning Telegram’dagi guruhiga qo‘shishgan, lekin bir soat o‘tmay u yerdan chiqarib yuborishgan. Butun dalillar shu bir soat ichida to‘plandimi? Yoki surishtiruvni keyin ham davom ettirdingizmi? Umuman, jarayon qancha davom etgani va qanday bosqichlardan iborat bo‘lgani qiziq.

D.I.: Ha, avvaliga ishga rozilik bermadim va keyinchalik Nurbek akaning (ularga bu haqda aytgan edim) maslahati bilan fikrimni o‘zgartirdim. Ular bilan qayta aloqaga chiqdim.

N. mendan o‘shandayoq shubhalana boshlagan edi. Shu sababdan boshqa do‘stimning (o‘shanda u ham ishga aloqador edi), qo‘polroq qilib aytganda, ishonchiga kirib, guruhga qo‘shildim. Buning uchun undan uzr so‘rayman, lekin bajarayotgan ishim bunday qilishimga arzir edi deb o‘ylayman.

Guruhdan tez orada chiqarib yuborishlarini sezdim va shu bois qisqa muddatda Nurbek aka bilan guruhni videoskrin qildik. Kutganimizdek, meni guruhdan chiqarib yuborishdi.

Tayanch ma’lumotlar olingach, boshqa resurslardan ma’lumot qidirishga o‘tdim. Guruh kuratorining shaxsini aniqlash uchun harakatni boshladim. F A nomi bilan Telegram’dan foydalanadigan bu odamning kimligini aniqlashda menga uning suratlari qo‘l keldi. TATU saytining rahbariyat uchun ajratilgan bo‘limidan F A’ning kimligini aniqladim. Bu TATU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Agzamov Fayzulla Saydakbarovich ekan. Uning Telegram-sahifasiga xabar yo‘lladim. U menga tez orada o‘zi meni ishga jalb qilishini, xabar berishini bildirdi. F A tomonidan ulashilgan xabar muallifi A. Xo‘jayevning kimligini aniqlashning esa iloji bo‘lmadi.

Guruh a’zolari uchun majlis o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Men majlis o‘tkazilganda ko‘proq ma’lumot yig‘aman deya kun sanab yuraverdim. Kutilgan kun keldi, majlis bo‘ldi (eshitishimcha) va, kutganimdek, meni unga chaqirishmadi.

Ma’lumot yig‘ishga oxirgi urinish sifatida guruh a’zosi bo‘lgan tanishim bilan uchrashdim. U guruh haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi, aytgani shu bo‘ldiki, meni guruhdan chiqarib yuborishgach, F A meni ishga taklif qilgan tanishim N. ga tanbeh beribdi. Menga bo‘lgan shuhba kuchaydi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, N. ning o‘zi menga Telegram orqali pul haqida yozib qoldi. Buni maqolaga havola qilganman.

“Daryo”: Ishning tashkilotchilariga kelsak. Maqolada bu haqda hech narsa yozmabsiz. Tilga olingan eng katta odam – TATU prorektori Fayzulla Agzamov ekan. Aynan umi eng kattasi yo kattaroqlari ham bormi? Bu ishni kim va qanday tashkil qilgan bo‘lishi mumkin? Bu masalaning oxiriga yetmadingizmi?

D.I.: Surishtiruv tugallanmay qolgan, ya’ni ishning tepasida kim turgani va uni kim moliyalashtirayotgani (yoki moliyalashtirmoqchi bo‘lgani) aniqlanmagan. Buni aniqlash menga qiyinchilik tug‘dirardi, sababi – hali menda rasman jurnalist maqomi yo‘q. Albatta, ishning oxiriga yetishni, eng yuqorida kim turishini aniqlashni istardim, ammo guruh endi yo faoliyatini to‘xtatadi, yo o‘zgartiradi, meni yaqinlashtirmasliklari esa aniq. Yetib borganim TATU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Agzamov Fayzulla Saydakbarovich bo‘ldi.

“Daryo”: Menimcha, u koordinator bo‘lsa kerak. Bu ishlarda bunday lavozimdagi odamning shaxsiy manfaatlari ko‘rinmayapti…

D.I.: Bo‘lishi mumkin.

“Daryo”: Bu borada taxminlaringiz bormi? Qanday shaxslar yoki tashkilotlar bundan manfaat ko‘rishi mumkin?

D.I.: Taxmin deysizmi? Albatta, bu ish ustida ishlaganimdan keyin, tabiiyki, sabablar, maqsadlar, ortida turgan shaxslar haqida o‘ylaganman. Turli taxminlar qilganman. Lekin qo‘limda dalillar yo‘qligi bois bu taxminlarni oshkor qilib o‘tirmayman.

Manfaatga kelsak, fikrimcha eng mantiqli bo‘lgan sababni maqolada keltirganman: norozilik kayfiyatini kamaytirib ko‘rsatish, tanqidchilarning ovozini o‘chirish. Bahslarga o‘nlab akkauntlar bilan kirib, soxta maqtovlar va soxta ijobiy fikrlar bilan prezidentning ko‘zini shamg‘alat qilishmoqchi. Prezident internetda chiqayotgan materiallar, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotga izohlarni e’tiborga olishini bilib, muammolarni kichraytirib ko‘rsatishga urinish bo‘lsa kerak deb o‘yladim.

“Daryo”: Siz taniydigan odamlardan biri shu ish bilan shug‘ullangan va sizni ham taklif qilgan. Bu ishda kamida qirqqa yaqin talaba va yosh yigit-qizlar borligi aytilyapti. Ularning motivlari qanaqa? Bunga qiziqdingizmi? Ular pul uchun trollik qilyaptimi? Yoki rostdanam yaxshi ish qilyapmiz, vatanni himoya qilyapmiz deb o‘ylayotganlari bormi ichida?

D.I.: Meni taklif qilgan bola chindan ham vatan yo‘lida xizmat qilyapman deb o‘ylaydi, 100 foiz. Bilganlarim – men bilan birga qo‘shilganlar pul uchun bu ishga kirdi. Taxminimcha, har xil fikrdagilar bor guruhda: kimlardir vatanni himoya qilyapmiz deb o‘ylaydi, kimlardir ozroq pul topish ilinjida.

“Daryo”: “Vatanparvar” tanishingizga bunday qarashni, ya’ni mana shunaqa yo‘l bilan vatanni himoya qilish kerakligini kim singdirgan bo‘lishi mumkin?

D.I.: O‘zidan so‘raymi? Hazil. Bu borada bir narsa deyish qiyin. Kimlarnidir isbotsiz ayblab qo‘ymay deyman. Taxminim shuki, unga muhit ta’sir qilgan. Atrofidagilar tomonidan “Ozodlik”, BBC kabilar faqat ig‘vo tarqatuvchi, tanqidiy fikr aytuvchilar chetda yurib vatanni sotadigan xoinlar degan g‘oyani singdirgan bularga. Bilasiz, tanqidni ig‘vo deb qabul qilishni yoshlikdan singdirib kelishardi bizga. Men ham 15 yoshimda shunaqa fikrlaganman. Atrofimdagi muhit, o‘qish, turli fikrlarni eshitish va boshqa omillar meni o‘zgartirgan.

“Daryo”: Bu ishdan so‘ng tanishingizning sizga munosabati salbiy tomonga o‘zgargandir?

D.I.: Aksincha, yaxshi tomonga o‘zgarganga o‘xshaydi. Munosabati iliqlashdi. “Fabrika”ning qolgan ishtirokchilari esa meni insofsiz deb o‘ylayotgandir.

“Daryo”: “Fabrika” faoliyati nima bo‘ldi? Davom etyaptimi yoki to‘xtatildimi?

D.I.: Vaqtincha to‘xtatildi. TATUda boshqa qandaydir boshqa muammo chiqdi deyishyapti.

“Daryo”: Qo‘ng‘iroqlar, qo‘rqitishga urinishlar bo‘lmayaptimi?

D.I.: Hali bo‘lmadi.

“Daryo”: Suhbat uchun rahmat. Yakunda o‘zingizning xulosalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

D.I.: Siz so‘ragan “ildizlar” masalasida yana bir narsani aytmoqchi edim. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan bu masalaning asosiy aybdori sifatida N. – meni bu ishga taklif qilgan bola ko‘rilayotgani va masalaning asl ildiziga e’tibor qaratilmayotgani, ochig‘i, meni hayratlantirdi. Ajriqni ildizi bilan qo‘porib tashlamasa, u o‘sib chiqaveradi. Tomir mavjud bo‘lgach, majburlikdan o‘sib chiqayotgan ajriqlarni nima ham qilib bo‘lardi?

Bu bilan men “Gruppa-4” a’zolarini mutlaqo aybsiz demoqchi emasman, lekin (balki pul ilinjida, balki boshqa maqsadni ko‘zlab) bu yo‘lga kirgan o‘nlab, balki yuzlab oddiy ishchilarni fosh etish bilan masala yengillashib qolmaydi. Bu muammoning tagiga yetishda, ya’ni hamma ayb quyidagilarning gardaniga tushmasligini ta’minlashda, ishning asl tashkilotchilarini topishda OAV vakillaridan yordam so‘rab qolaman.

Eldar Asanov suhbatlashdi.