2-sentabr kuni soat 03:28 da Xorazm viloyati Xiva tumani “Varangzon” MFY Mevazor ko‘chasi 34-uyda yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv qismiga xabar kelib tushgan, deb xabar beradi FVV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi.

Foto: FVV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi

Voqea joyiga 7 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmasi jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar chaqirilgan manzilga soat 03:41 da yetib borgan vaqtda uyning tomi va ichki qismi quyuq tutun aralash ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 03:53 da qurshab olinib, soat 04:45 da o‘chirilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in oqibatida uyning 200 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va uy-jihozlari yonib zararlangan. Yong‘indan uyning 280 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.