O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi Facebook orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan masalga yuzasidan tushintirish berdi.

Foto:
IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi

13-avgust kuni soat 17:00 da Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Shabnam Olloshkurova” sahifasi egasi tarmoqdagi do‘stlari safiga qo‘shilgan foydalanuvchilar e’tiboriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri video aloqaga chiqqan.

Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan aniqlanishicha, ushbu sahifa muallifi, aslida 1987-yilda tug‘ilgan, Nafosat Ollashkurova ismli ayol bo‘lib, u Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan, fuqaro Mahmud Rajabovga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (kontrabanda) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan tergov jarayoniga asossiz aralashib, dastlabki tergovning to‘laqonli va xolisona o‘tkazilishiga bosim o‘tkazishga uringan.

U 13-avgust kuni Xorazm viloyati IIB ma’muriy binosi oldiga kelib, o‘zining “bloger” ekanligini bildirib, fuqaro Mahmud Rajabovga nisbatan olib borilayotgan tergov harakatlari bilan tanishmoqchi ekanligini aytgan. Shundan keyin viloyat IIB nazorat o‘tkazish punktidagi xodimning xabariga asosan yetib kelgan tergovchi uning aslida Nafosat Ollashkurova ekanligini bilib, u ham jinoyat ishi yuzasidan guvoh tariqasida so‘roq qilinishi kerakligini aytib, ichkariga taklif qilgan. Ollashkurova esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri video aloqaga chiqib, o‘zining Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga olib kirilayotganligini bayon qilgan. Darhaqiqat, fuqaro Nafosat Ollashkurova Mahmud Rajabovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, u doimiy yashash manzilida bo‘lmaganligi sababli, so‘roq jarayoni amalga oshirilmasdan kelayotgandi.

Shundan keyin Nafosat Ollashkurova Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi tomonidan guvoh tariqasida so‘roq qilish uchun tergovchi xonasiga taklif etildi. So‘roq jarayoni yakuniga ko‘ra, tergovchi tomonidan Nafosat Ollashkurovaga tegishli bo‘lgan uyali telefon apparati jinoyat ishi yuzasidan tekshirib ko‘rishlik uchun belgilangan tartibda rasmiylashtirib olinishi bildirilganida, Ollashkurova uyali telefonini bermasligini aytib, tergovchining bu yuzasidan qabul qilgan qarorini bajarilishiga to‘sqinlik qilib, uyali telefonini topshirmagan, bundan tashqari bu jarayonni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri video aloqa orqali ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali yoritgan.

“Nafosat Ollashkurovaning uyali telefonini olish zarurati, uning mazkur jarayonni ijtimoiy tarmoqlarda yoritganligi bilan bog‘liq emas, aksincha fuqaro Mahmud Rajabovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tekshirib ko‘rilishi lozim bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Bugungi kunda fuqaro Mahmud Rajabovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga qat’iy rioya qilgan holda olib borilmoqda.