Shu yil 17-iyul kuni Samara viloyatida O‘zbekistonning 69 nafar fuqarosi “aniqlanmagan modda bilan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ularning bugungi kundagi holati haqida tafsilotlarni ma’lum qildi.
“O‘zbekistonning 57 nafar fuqarosi hamon Samara viloyatidagi davolash muassasasida yotibdi. 12 nafariga ruxsat berilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Ushbu baxtsiz hodisa meva va sabzavotlarning quyuq shartbatlari ishlab chiqariladigan “Koshelevskiy posad” korxonasida ro‘y bergandi. Zaharlanish sabablari hamon noma’lumligicha qolmoqda.
Voqeadan so‘ng korxona rahbariyati O‘zbekiston fuqarolarini davolash uchun ketadigan barcha xarajatlarni ko‘tarishini ma’lum qilgan.