Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 8-avgust kuni mamlakat xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazadi.
U o‘zining bir haftalik ta’tilini to‘xtatib, Bishkekka qaytgani va kunning birinchi yarmida kengash yig‘ilishini o‘tkazishi bildirilmoqda.
7-avgust kuni Bishkekdan 20 kilometr uzoqdagi Qo‘ytosh qishlog‘ida Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi maxsus bo‘linmasi mamlakatning sobiq rahbari Almazbek Atambayevni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazgandi. Dastlabki urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Operatsiya davomida 15 kishi yaralandi, maxsus bo‘linma jangchisi olingan jarohatlar oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.