Respublikada issiq havo haroratining kuzatilishi bilan Bo‘stonliq tumanida joylashgan dam olish maskanlari, tog‘li hududlardagi suv havzalari va turistik markazlariga tashrif buyurayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda, deb yozadi Toshkent viloyati IIBB Matbuot xizmati.
Yozning jazirima kunlarida ham bu yerlarda salqin va nafis havo haroratini his etish mumkin. Aynan mana shu jihat bugun Bo‘stonliq tumaniga minglab fuqarolar va mamlakat mehmonlarini jalb etmoqda.
Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurayotgan ko‘p sonli fuqarolar mazmunli hordiq olishlari uchun har tomonlama xavfsizlikni ta’minlash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida qo‘shimcha ichki ishlar organlari xizmatlarini kuchaytiradi.
Tumanga eltuvchi yo‘llar, dam olish maskanlari va chorbog‘ zonasining markaziy qismlariga qo‘shimcha shaxsiy tarkib biriktirilib, kunduzgi va tungi vaqtlarda fuqarolar xavfsizligi uchun xizmat ko‘satish sifati oshiriladi.
Bo‘stonliq tumanida ichki ishlar organlari xizmatlarining kuchaytirilishi, tashrif buyurayotgan ko‘p sonli fuqarolar tinchlik va xavfsizlikda, mazmunli hordiq olishlari hamda ularning murojaatlari bo‘yicha joyida tezkor va manzilli yechim topishga xizmat qiladi.
Izoh (0)